Endi jarimaning 50 foizi 15 kunda to‘lansa, qolgan qismidan voz kechiladi
Jamiyat
−
07 aprel 2023
8876O‘zbekistonda huquqbuzarga jarima solish to‘g‘risidagi qaror fuqaroga topshirilgan kundan boshlab 15 kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, 30 kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 7 aprel kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida “Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 332-1-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi Qonun muhokamasida ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, bundan 3 yil avval 15 kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishiga oid soddalashtirilgan tartibning amalga kiritilishi o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatgan.
Biroq ushbu soddalashtirilgan tartibning sud tomonidan qabul qilinadigan qarorlarga nisbatan tatbiq etilmasligi, shuningdek, amalda ayrim ma’muriy huquqbuzarliklar uchun belgilangan jarima miqdorining yuqoriligi fuqarolarga iqtisodiy tomondan qiyinchiliklar tug‘dirib kelayotgan edi. Bu esa o‘z navbatida, ma’muriy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashda qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgan edi.
Eng asosiysi, mazkur tartib endilikda sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur Qonunning qabul qilinishi natijasida ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda ularning jarima yukini yanada kamaytirish orqali pul mablag‘larining iqtisod qilinishiga va jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga erishilishi ta’kidlandi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
LiveBarchasi