Endi Yaponiyada darsga kelmagan o‘quvchilar o‘rniga robotlar o‘qiydi
Texnologiya
−
08 Sentabr 2023
4150Yaponiyaning Kumamoto shahridagi maktab ma’muriyati bolalarga o‘zlarining o‘qituvchilari va sinfdoshlari bilan doimiy muloqotda bo‘lishi uchun ikkita mexanik yordamchilarni sotib oldi. Bu haqda "The Guardian" nashri xabar berdi.
Yaponiya rasmiylariga ko‘ra, ushbu robotlar maktabga bormagan o‘quvchilarni masofadan turib darslarga qatnashishga undaydi va oxir-oqibat, ularning maktabga qaytishiga erishadi.
"Mainichi Shimbun" gazetasiga ko‘ra, joriy yilning noyabr oyiga borib, Yaponiyaning janubi-g‘arbida joylashgan Kumamoto shahridagi barcha sinfxonalarda mikrofon, dinamik va kameralar bilan jihozlangan ikkita robot paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Aytilishicha, endilikda o‘qituvchilar bilan bir qatorda 1 metr balandlikdagi o‘zi yurar robotlar maktabga kelmagan bolalarning masofadan bilim olishiga yordam beradi.
"Masofadan o‘qiyotgan talabalar noutbuklari orqali planshet bilan jihozlangan robotlarga ulanadi. Bu ularga sinfdoshlari bilan bir xil darslarda "ishtirok etish" va muhokamalarda qatnashish imkonini beradi. Robotlar faqat sinfxonalarda turmaydi. Ular butun maktab bo‘ylab harakatlanib, ta’lim oluvchilarga hamroh bo‘ladi", deya yozgan gazeta.
Ma’lumot uchun, Kumamoto o‘qishni qoldirmaslik holatlarini hal qilishga urinayotgan yagona joy emas. Yaponiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda rekord darajadagi 244 940 nafar boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari 2022-yilning mart oyi oxirigacha bo‘lgan 12 oy ichida 30 kun yoki undan ko‘proq vaqt davomida maktabga borishdan bosh tortgan.
LiveBarchasi