Endi O‘zbekistonda tibbiyot talabalaridan robot-simulyatorlar imtihon oladi

Jamiyat

image

Endi tibbiyot talabalari robot-simulyatorlar yordamida imtihon topshiradi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.

SSV Ilm-fan va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i O‘ktam Ismoilov muassasalarda ushbu uskunalarni o‘rnatish ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

“2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bakalavriat, magistratura va klinik ordinatura bosqichlari talabalarining nazariy hamda amaliy bilim-ko‘nikmalari inson omilisiz, maxsus robot-simulyatorlar orqali baholanadi”,  degan u.

Qayd etilishicha, 2024/2025 o‘quv yilidan barcha davlat va nodavlat tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ikki bosqichli davlat imtihonlarini o‘tkazish tizimi joriy etiladi. 1-bosqichda talabalar fundamental fanlar bo‘yicha yakuniy davlat imtihonlarini topshirsa, 2-bosqichda klinik fanlarni o‘zlashtirganlik darajasi baholanadi.

Dastlabki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganlarning kursdan kursga o‘tishiga, klinik bilimlarga oid sinovlarda yaxshi natija ko‘rsatganlarning esa amaliyotda shifokor bo‘lib ishlashiga ruxsat beriladi.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan 2023/2024 o‘quv yilida klinik ordinatura va internatura yo‘nalishi bo‘yicha imtihonlarni tashkil etish maqsadida test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari va ularni shakllantiruvchi ekspertlar guruhi tasdiqlangan. 

Bu yildan boshlab klinik ordinatura va internaturaga kirish imtihonlari inson omilidan butunlay holi bo‘ladi. Shu paytgacha suhbat asosida o‘tkazib kelingan qabul jarayonlariga chek qo‘yiladi.

Endilikda tibbiyot OTMlari va ularning filiallari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, ilmiy tadqiqot institutlarida klinik ordinatura va internatura mutaxassisliklari bo‘yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari asosida Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.

Bunda har bir talabgor uchun BHMning yarim baravari miqdoridagi to‘lov tegishli tibbiy ta’lim muassasasi tomonidan to‘lab berilishi belgilangan. Qabul jarayonlari yiliga 2 marta tashkil etiladi.

Shuningdek, yetakchi xususiy klinikalarda klinik ordinatura dasturlari asosida tor doiradagi mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish belgilangan.

Davlat tibbiy OTMlarining xirurgiya, kardiologiya, stomatologiya va terapiya kabi kafedralariga rivojlangan xususiy ko‘p tarmoqli tibbiyot muassasalarida o‘quv-klinik amaliyot bazasini tashkil etishga ruxsat beriladi.

Xususiy tibbiyot muassasalarining klinik ordinaturaga qabul jarayonlari ham davlat muassasalarida bo‘lganidek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan bir bosqichli test shaklida yiliga 2 marta amalga oshiriladi.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

tibbiyot talabalar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing