Endi tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflari davlat tomonidan belgilanmaydi
Jamiyat
−
11 Oktabr 2023
6623O‘zbekistonda tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 329-sonli Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati va uning tarkibidagi korxonalar negizida 2024 yil 1 yanvargacha quyidagilar tashkil etiladi:
- yo‘l xo‘jaligi, elektr ta’minoti, signallashtirish va aloqa, lokomotiv xo‘jaligi, yagona dispetcherlik markazi va yuk stansiyalari ish faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temiryo‘linfratuzilma” AJ;
- yuk tashish xizmatlarini amalga oshirish, yuk vagon va konteyner xo‘jaligini saqlash va rivojlantirish, multimodal “eshikdan eshikkacha” tashuvlarni yo‘lga qo‘yish, logistika markazlari va terminallarini tashkil etish bo‘yicha “Temiryo‘lkargo” AJ;
- yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha "Temiryo‘lekspress" AJ;
- "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" AJ tarkibida vokzallar faoliyatini ta’minlash bo‘yicha “Temir yo‘l vokzallari” MCHJ va shahar atrofida yo‘lovchilar tashish bo‘yicha “Shahar atrofida yo‘lovchi tashish” MCHJ;
- bolalar oromgohlari, sog‘liqni saqlash, madaniy-ma’rifiy va sport ob’ektlarini saqlash bo‘yicha “Temir yo‘l ijtimoiy xizmatlar” muassasasi.
Temir yo‘lda yuklarni mahalliy, eksport va import yo‘nalishlarida tashish tariflariga taqdim etilgan chegirmalar 2024 yil 1 yanvardan bekor qilinadi hamda ularni faqat Vazirlar Mahkamasi qarori bilan taqdim etish tartibi joriy etiladi (ikki yoki undan ko‘p xorijiy mamlakatlarning temir yo‘l ma’muriyatlari bilan kelishuvlarga asosan taqdim etilgan chegirmalar bundan mustasno).
2023 yil 1 dekabrgacha temir yo‘llarda yuklarni tashish tariflariga taqdim etiladigan chegirmalar ro‘yxati tasdiqlanadi.
2024 yil 1 yanvardan yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechiladi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi.
2025 yil 1 yanvardan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish bundan mustasno) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan temir yo‘l transportida yuk tashish xizmatlariga berilgan chegirmalar Davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi.
2027 yil 1 yanvargacha temir yo‘l transporti xizmatlarini ko‘rsatuvchi korxonalar tomonidan olib kiriladigan ortish-tushirish ishlari uchun mo‘ljallangan mexanizm va uskunalarga bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.
2026 yil 1 yanvargacha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va uning tarkibidagi korxonalarga o‘zaro to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tovarlarni sotish, ijaraga berish, xarid qilish, yetkazish, ish (xizmat)larini bajarishga ruxsat beriladi.