Xivaga boradigan “Afrosiyob” poyezdi hali ishga tushirilmaydi
Jamiyat
−
04 dekabr
4291Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 7 dekabr kunidan e’tiboran Xorazm viloyatining Xiva shahriga yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdlari qatnay boshlashi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, “Buxoro – Urganch – Xiva” temiryo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlarini yakunlash doirasida bitta yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdi sinovdan o‘tkazilgan. Ushbu bosqich yangi marshrutni sinovdan o‘tkazish va infratuzilmaning to‘liq foydalanishga tayyorligini tekshirish dasturining bir qismidir.
“Biz barcha ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarini bunday turdagi ma’lumotlarni olish va tarqatishda ehtiyot bo‘lishga chaqiramiz. Joriy ma’lumotlarni olish uchun “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJning rasmiy sahifalarida yangiliklarni kuzatib borishni tavsiya etamiz”, deyiladi kompaniya xabarida.
Qayd etish joiz, 2021 yil dekabr oyida Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonga 162 million dollar miqdorida kredit ajratishni ma’qullagan edi, bu mablag‘ Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temir yo‘l liniyasini elektrlashtirishga yo‘naltirilishi kerak edi. Modernizatsiyadan so‘ng yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" poyezdlari Toshkentdan Xivagacha bo‘lgan masofani 7 soatda bosib o‘tishga qodir bo‘lgan tarmoq liniyasi bo‘ylab harakatlana oladi. Dastlab, Xivaga “Afrosiyob” tezyurar poyezdini olib kelish 2024 yilgacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ boshqaruv raisi Zufar Narzullayev Senatning ellik sakkizinchi yalpi majlisida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” 2023 yilda 238 milliard so‘m zarar ko‘rganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab yuqori tezlikda yuradigan poyezdlarning chipta narxi xuddi samolyotlarniki kabi o‘zgarib turadi.
LiveBarchasi