Endi “Tez yordam”ga yo‘l berib, qoida buzgan haydovchilar jarimaga tortilmaydi
Jamiyat
−
22 iyul 2020
7787Avvalroq, Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” Qonunni imzolagani haqida xabar bergan edik.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi (MJtK) kodeksning 17¹-moddasi oltinchi qism bilan to‘ldirildi.
Unga ko‘ra, tezkor va maxsus xizmatlarning ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchani yoqqan holda hamda maxsus tovushli signallar bilan yaqinlashib kelayotgan transport vositalariga yo‘l bergan haydovchilar tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar foto va videoqayd etish maxsus texnik vositalari orqali qayd etilgan taqdirda, haydovchilarning ma’muriy huquqbuzarligi oxirgi zarurat holatida sodir etilgan deb topiladi va ma’muriy ish tugatiladi.
Shuningdek, MJtKning 128⁵-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, yuqoridagi transport vositalarining to‘siqsiz o‘tib ketishiga halaqit berish bir yil davomida takror sodir etilsa, 5 mln 575 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilishi belgilandi (amalda 4 mln 460 ming so‘m edi).
Bundan tashqari, MJtKning 47-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
LiveBarchasi