Endi suvdan foydalanish qoidalari buzilgani haqida video yuborganlar rag‘batlantiriladi
Jamiyat
−
11 iyun 5610 2 daqiqa
O‘zbekistonda suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi videomateriallarni yuborgan shaxslar rag‘batlantiriladi. Bu haqda joriy yilning 7 iyun kuni qabul qilingan Hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Jismoniy shaxslar tomonidan qayd etilgan suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish tartibi haqida”gi nizomda so‘z boradi.
Nizom Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 74-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga nisbatan tatbiq etiladi.
Shaxslar huquqbuzarlikni videotexnika vositalari orqali qayd etib, 48 soatda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga v-nadzor.gov.uz veb-sayti orqali yuboradi.
Foto va videomateriallarda quyidagilar aks ettirilishi lozim:
- sodir etilgan huquqbuzarlik;
- huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
- huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, aniqlangan sana va vaqt.
Qoida tariqasida foto va videomateriallarning davomiyligi 120 soniyadan oshmasligi lozim.
Foto va videomateriallar 10 kun muddatda inspeksiyaning mas’ul xodimi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Huquqbuzarlik 1-marotaba sodir etilgan bo‘lsa, huquqbuzarga suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibi (qoidalari) takroran buzilishining oldini olishga qaratilgan tavsiyalar yuboriladi.
Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin 1 yil davomida huquqbuzarlik takroran sodir etilgan taqdirda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan miqdorlarda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 25 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Rag‘batlantirish jarima undirilgan kundan boshlab 15 kun muddatda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yerosti suvlariga bo‘lgan talab ortib borayotgani, ayniqsa sug‘orish va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun ruxsatsiz quduqlar burg‘ilanishi, suvdan nazorat va hisob-kitoblarsiz foydalanish holatlari ko‘paygani sababli quduqni noqonuniy burg‘ilaganlik uchun javobgarlik belgilangandi.
Live
Barchasi