Endi pnevmatik qurolini davlatga topshirganlar javobgarlikka tortilmaydi
3-sahifa
−
18 may
4519Endilikda o‘qotar bo‘lmagan, ya’ni pnevmatik qurollarni o‘z xohishi bilan huquq-tartibot organlariga topshirgan shaxslar javobgarlikka tortilmaydi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining bugun, 18 may kuni bo‘lib o‘tayotgan ellik ikkinchi yalpi majlisida so‘z bordi.
Yalpi majlisda “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2201-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
O‘zbekistonda qurol va uning o‘q-dorilari muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish maqsadida “Qurol to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.
Gap shundaki, o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslarni javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida mustahkamlab qo‘yilgan qoida shaxslar boshqa turdagi qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganda ularni javobgarlikdan ozod qilish muammosini hal etmaydi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra fuqaro o‘z ixtiyori bilan pnevmatik qurolni olib kelib topshirsa ham ushbu qurol musodara qilinib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravariga, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi mumkin.
Vaholanki, Jinoyat kodeksining 248-moddasida jamoat xavfsizligi darajasi ancha yuqoriroq bo‘lgan o‘qotar qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi ko‘zda tutilgan.
Senatorlar tomonidan bugun ko‘rib chiqilgan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2201-moddasiga shaxsni o‘zining qonunga xilof egaligida bo‘lgan pnevmatik, signal beruvchi, tig‘li sovuq, uloqtirish quroli va o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ixtiyoriy ravishda topshirganda ma’muriy javobgarlikdan ozod qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
LiveBarchasi