Deputatlar 25 mansabdorni lavozimidan ozod etishni taklif qilyapti
Jamiyat
−
07 avgust 2020
27152O‘zbekistonda mahalliy Kengash deputatlari 25 nafar mansabdor shaxsni lavozimidan ozod etish, ijro organlarining 108 nafar rahbariga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish taklifi bilan chiqqan. Bu haqda bugun, 7 avgust kuni o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining 6-yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
Norboyeva mahalliy Kengashlar bilan hamkorlik borgan sari yangi yo‘nalishlarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
“Joylardagi deputatlarimiz Senat majlislarida ishtirok eta boshladi. Jumladan, bugungi majlisimizda ham mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari vakillari qatnashmoqda. Senat qo‘mitalarining deyarli barcha nazorat-tahlil tadbirlari mahalliy Kengashlar bilan bamaslahat va bevosita hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarga biriktirilib, mahalliy Kengashlar ishini samarali tashkil etish bo‘yicha ish olib bormoqda. Umuman, mahalliy Kengashlarga har tomonlama ko‘maklashish borasidagi harakatlarimiz o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida mahalliy Kengashlarning 1 700 dan ziyod sessiyalarida 9 mingdan ortiq masala muhokama etildi. Qariyb 4 ming marta mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitildi. 660 marta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi. Mutasaddi idora va tashkilotlar rahbarlariga 21 mingdan ziyod deputatlik so‘rovlari yuborildi.
Yana bir jihat. Mahalliy Kengashlar sessiyalari qarorlari bilan ijro organlarining 108 nafar rahbariga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish, jumladan, 25 nafar mansabdor shaxsni lavozimidan ozod etish bo‘yicha takliflar kiritildi”, deydi Senat raisi.
LiveBarchasi