Hukumat faoliyati ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi
Jamiyat
−
28 fevral 2019
4713Oliy Majlis Senati yalpi majlisida “Hukumatni shakllantirish tartibi demokratlashtirish va uning mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida“gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi, deb yozmoqda O‘zA.
Qonun hukumat ishini tashkil etishni tubdan yaxshilash, ijro etuvchi hokimiyat organlarining bugungi kun talabiga javob beradigan, sifat jihatidan yangi tizimini shakllantirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullanganidan keyingina O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tasdiqlanish tartibi joriy etilmoqda.
Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari va ular rahbarlari faoliyatini aniq ko‘rsatkichlarga erishishga hamda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa sohalarni strategik rivojlantirishning yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan dasturlari amalga oshirilishi sifati va samaradorligiga asoslangan holda baholash tizimi yaratiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishi yuzasidan har chorak yakuni bilan hisobot taqdim etib borishlari to‘g‘risidagi tartib joriy etilmoqda.
LiveBarchasi