Endi nuqsoni bor tovarlar tekshiruvdan o‘tkaziladi
Jamiyat
−
17:01 478 2 daqiqa
Endi O‘zbekistonda nuqsoni bor tovarlar tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Senatning 19-yalpi majlisida muhokama qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunda so‘z boradi.
Majlisda qayd etilishicha, keyingi yillarda mamlakatda raqobatni rivojlantirish orqali iste’molchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qonun bilan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga tovardagi nuqsonlarni uning tashqi ko‘rinishidan aniqlash imkoni bo‘lmagan hollarda tovar sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirishning huquqiy asoslarini aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritilmoqda.
Shuningdek, tekshirishning tartibi va muddati, iste’molchining ushbu jarayonda ishtirok etishini hamda tekshirishni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarning o‘rnini qoplab berish tartibi ham belgilanmoqda.
Tovardagi nuqsonlar u iste’molchiga realizatsiya qilinganidan keyin, tovarni saqlashning yoki undan foydalanishning belgilangan qoidalari buzilganligi sababli yoxud uchinchi shaxslarning harakatlari tufayli yuzaga kelganligini tovarning tashqi ko‘rinishiga qarab aniqlash imkoni bo‘lmagan taqdirda, tovarning sifati qo‘shimcha ravishda tekshirilishi joriy etilmoqda.
Iste’molchiga shaxsan yoki o‘z vakili orqali tovarning sifatini qo‘shimcha ravishda tekshirishda ishtirok etish shuningdek, tovarning sifatini o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha ravishda tekshirishni amalga oshirish vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar fikricha, qonun iste’molchilarning huquqlarini samarali himoya qilishga hamda bozor ishtirokchilari uchun yanada barqaror va ishonchli huquqiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qullagan.
Live
Barchasi