Endi metroda harakat xavfsizligi talablarini buzganlar jazolanadi
Jamiyat
−
15:47 1181 1 daqiqa
Metropolitenda harakat xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqda joriy yilning 5 fevral kuni qabul qilingan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunda belgilangan.
Kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi talablarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Mazkur huquqbuzarlik mansabdor shaxslar va xizmatchilarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Shuningdek, temiryo‘l transporti va metropolitenda harakat va tashish xavfsizligi buzilishi bilan bog‘liq hodisa, u haqidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi nazarda tutildi.
Bundan tashqari, avtomobil transportida tegishli guvohnoma yonida bo‘lmagan holda yo‘lovchi tashish, yo‘l haqi tariflarini oshirish, muntazam yo‘nalish bo‘yicha tasdiqlangan qatnov jadvaliga amal qilmaslik, tasdiqlangan yo‘nalish sxemasidan chetga chiqish BHMning 3 baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi ko‘zda tutildi.
Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish qo‘llanishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi