Endi maktab va bog‘chalarda chorshanba “yod kuni” bo‘ladi
Jamiyat
−
15 Sentabr 2023
5066Joriy yilning 20 sentyabridan boshlab, har chorshanba kuni barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida yod preparatlari bepul tarqatiladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
“Prezidentning tegishli qarori imzolangan bo‘lib, unda 3-15 yoshdagi bolalarni yod preparati bilan bepul ta’minlash belgilangan. Shu bois ta’lim tashkilotlari rahbarlari ta’lim maskanlarida bolalarning preparatni ichishi uchun suv va boshqa zarur sharoitlarni yaratib beradi”, deyiladi xabarda.
Yod preparatlarini saqlash va hisobotini yuritish esa davlat maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari hamshirasi yoki mas’ul xodimi tomonidan yuritiladi.
Ma’lumot uchun, yod rivojlanayotgan organizm uchun eng muhim moddalardan biri hisoblanadi. Bolalarda yod tanqisligining mavjudligi ularda quyidagi noxush holatlarni keltirib chiqaradi:
- aqliy qobiliyatning buzilishi;
- aql-idrokning pasayishi;
- bo‘qoqning rivojlanishi va qalqonsimon bezning disfunksiyasi;
- bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishining sekinlashishi;
- kretinizm, ya’ni qalqonsimon bezning yetarli darajada ishlamasligi tufayli bolaning rivojlanishidagi kechikish.