Endi xorijdan qaytganlar OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin
Jamiyat
−
01 avgust 5252 3 daqiqa
90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bugun, 1 avgust kuni Senatning 9-yalpi majlisida muhokama qilindi hamda ma’qullandi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda mehnat migratsiyasi ko‘lami ortib, chet eldan qaytgan fuqarolar soni ko‘paymoqda. Shuningdek, O‘zbekistonga ham ko‘plab chet el fuqarolari tijorat, mehnat qilish maqsadlarida kirib kelmoqda. Ushbu toifadagi shaxslarning ayrimlari orasida ixtiyoriy o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ularda inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, 2024 yilda uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 434 mingi yoki 25 foizi ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan. Ularning 1512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Shuningdek, o‘tgan yilda 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan hamda ularning 81 nafari bunday kasallikka chalingani aniqlangan.
“Inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tkazilgan migrantlar orasida aniqlangan, tekshiruvdan o‘tmagan migrantlarning qanchasida yuqumli kasalliklar borligi noma’lum. Shu jihatdan ushbu qonun dolzarb ahamiyat kasb etadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Jumladan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.
“Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining tegishli qonunchiligi, ushbu davlatda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish majburiyati xususiy bandlik agentliklariga beriladigan litsenziya shartlaridan biri etib belgilanmoqda”, deya qo‘shimcha qilinadi Senat xabarida.
Senatorlar tomonidan ushbu qonun inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tilgan hamda muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Live
Barchasi