Endi Xitoydan tashqaridagi “etnik buzg‘unchilar” ham jazolanishi mumkin

Olam

image

Xitoyda xorijdagi shaxslarga ham tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan yangi etnik birlik qonuni kuchga kirdi. Unga ko‘ra, endi adovat qo‘zg‘atuvchi va etnik birlikka rahna soluvchi shaxslar mamlakat xududida bo‘lmasa ham qat’iy chora ko‘riladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi Xitoyda kuchga kirgan yangi “Etnik birlik to‘g‘risida”gi qonun yuzasidan xavotir bildirgan. Bryusselga ko‘ra, mazkur qonun Pekinga mamlakat hududidan tashqarida yashovchi shaxslarga nisbatan ham huquqiy choralar ko‘rish uchun asos yaratishi mumkin.

Xitoy ushbu qonunni mart oyida qabul qilgan bo‘lib, uning maqsadi mamlakatdagi 55 ta milliy ozchilik xalqlari o‘rtasida “yagona milliy o‘ziga xoslik”ni shakllantirishdan iborat. Bu guruhlar qatoriga tibetliklar va uyg‘urlar ham kiradi. Ulardan ayrimlari yillar davomida Xitoy siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazib kelgan.

Bugun, 2 iyuldan kuchga kirgan qonunda Xitoy Xalq Respublikasi tashqarisidagi shaxslar va tashkilotlar ham “etnik birlikka putur yetkazish”, “etnik bo‘linishni qo‘zg‘atish” kabi harakatlar uchun javobgarlikka tortilishi mumkinligi haqidagi norma mavjud.

Yevropa Ittifoqi vakilining bayonotida aytilishicha, yangi qonun etnik ozchiliklarning madaniy, til va diniy huquqlarini yanada cheklashi mumkin. Bryussel bu huquqlar xalqaro inson huquqlari standartlari hamda Xitoyning BMT doirasidagi majburiyatlariga muvofiq ta’minlanishi kerakligini bildirgan.

“Qonunning eksterritorial qo‘llanilishi borasida xavotirdamiz. Yevropa Ittifoqi xalqaro huquqni buzgan holda boshqa davlatlar qonunlarining eksterritorial qo‘llanilishiga qarshi”, deyilgan bayonotda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqi barcha davlatlarni o‘z qonunlarini boshqa mamlakatlar hududida siyosiy bosim vositasi sifatida qo‘llashga urinmaslikka chaqirgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi hozircha bu masala yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Biroq o‘tgan hafta yuqori martabali xitoylik amaldor mamlakat qonunlarini buzgan xorijdagi shaxslarni javobgarlikka tortish xalqaro amaliyotga mos, qonuniy va zarur chora ekanini aytgan.

Inson huquqlari tashkilotlari esa avval ham Xitoyni siyosiy sabablar bilan qidiruvga berilgan shaxslarni chet ellarda hibsga oldirish maqsadida Interpolning “qizil bildirishnoma” (Red Notice) tizimidan foydalanishga uringanlikda tanqid qilib kelgan.

Manbaga ko‘ra, yangi qonun, ayniqsa, Xitoy o‘z hududi deb hisoblaydigan Tayvanda jiddiy xavotir uyg‘otgan. Tayvan hukumatining materik Xitoy siyosati uchun mas’ul idorasi ushbu qonun Pekinga mustaqillik tarafdori deb hisoblagan tayvanliklarga nisbatan yana bir huquqiy bosim vositasini berishi mumkinligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoy Yevropa Ittifoqini xalqaro normalarni buzishda va Xorijiy subsidiyalar to‘g‘risidagi reglament mexanizmi orqali Xitoy kompaniyalariga bosimni kuchaytirishda ayblagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing