Endi prokuror har kuni ishini mahallada boshlab, mahallada yakunlaydi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi tuman (shahar) ichki ishlar organi boshlig‘i va prokurorning xizmat xonasi 2025 yil yakunigacha bevosita mahallada tashkil etilib, ularning kundalik ishi boshlanishi va yakuni aynan o‘sha yerda amalga oshiriladi. Bu “Kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha manzilli choralar” konsepsiyasiida belgilangan. 

Mahallalarda alohida tashkiliy-profilaktik tadbirlar hamda manzilli choralar bilan ilmiy-amaliy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish va xavfsiz muhitni yaratish konsepsiyaning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Konsepsiyaga ko‘ra, mahallalarda bosqichma-bosqich mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Ijtimoiy profilaktika ob’ektlari, ayniqsa, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir etuvchi shaxslarning (janjalkash va nizoli oilalar) holidan majburiy ravishda kamida har 3 kunda xabar olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish borasida “mahalla yettiligi” tomonidan fuqarolar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib boruvchi “mahalla targ‘ibotchisi” jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi. Mahalladagi jamoat joylari, ko‘p qavatli turarjoy va uylar oldida “tashvish” tugmalari o‘rnatiladi.

Qayd etish joiz, ushbu konsepsiya 18 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi natijadorligini yanada oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Prezident qarori bilan tasdiqlangan. 

Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilangan:

  • kriminogen vaziyati murakkab mahallalarni sun’iy intellektda ishlovchi maxsus dasturiy ta’minotga integratsiya qilingan zamonaviy kuzatuv kameralari bilan to‘liq qamrab olish;
  • joriy yil yakuniga qadar jismoniy shaxslar mol-mulkini texnik qo‘riqlash qamrovini 30 foizga, yuridik shaxslar mol-mulkini qo‘riqlash qamrovini esa 60 foizga yetkazish.

Shuningdek, ichki ishlar organlarida yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida masofaviy ta’lim shakli joriy etiladi hamda bakalavriat dasturi bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Qaror bilan “Kriminogen vaziyati murakkab va og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha”va “namunali xavfsiz uy” tashkil etish” bo‘yicha namunaviy talablar tasdiqlandi. “Namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”tashkil etishga oid infratuzilmaviy talablar quyidagilar:

  • tungi vaqtda ko‘chaning aholi istiqomat qiladigan va harakatlanadigan qismi to‘liq yoritilishi;
  • berk ko‘chalar, ichki yo‘laklar va aholi kam yuradigan, jinoyat sodir etilishi ehtimoli bo‘lgan qorong‘u hududlarning qisman yoritilishi; 
  • transport vositalari uchun avtoturargohlarning texnik kuzatuv talablariga javob berishi;
  • ko‘chalarda noqonuniy (yoyma) savdo rastalari faoliyati tartibga solinishi;
  • qarovsiz yerto‘la, chordoq va chiqindixonalar mavjud bo‘lmasligi.

Og‘ir mahallalarda “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”lar tashkil qilish bo‘yicha aniq vazifalar har chorak va har oyda mahalla, tuman va viloyat darajasida ishlab chiqiladigan “yo‘l xaritalar”ga manzilli kiritiladi. “Mahalla yettiligi” tomonidan “namunali xavfsiz ko‘cha” va “namunali xavfsiz uy”larning boshlanish va tugash nuqtalariga ushbu ijtimoiy maqomni bildiradigan stikerlar o‘rnatiladi. 


Maqola muallifi

Teglar

prokuror mahalla IIO

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing