Endi Germaniyada viza ololmaganlar shikoyat qilolmaydi
Olam
−
01 iyul 7944 2 daqiqa
Joriy yilning 1 iyul kunidan boshlab Germaniya hukumati tomonidan mamlakatning vizasini berishdan bosh tortilgan hollarda apellyatsiya (shikoyat) berish tartibi butun dunyo bo‘yicha bekor qilindi. Bu haqda Germaniya Tashqi ishlar vazirligining saytida e’lon qilindi.
Endilikda vizasi rad etilgan murojaatchilar faqat ikkita yo‘l bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega – yangi viza uchun ariza topshirish yoki Berlin ma’muriy sudiga murojaat qilish.
Bu tartib ilgari majburiy emas, ixtiyoriy asosda taqdim etilgan bo‘lib, huquqiy jihatdan majburiy bo‘lmagan. Ushbu qaror Germaniyaning ko‘plab konsulliklarida 2023 yil 1 iyundan boshlab amalga oshirilgan sinov loyihasi natijalariga asoslanib qabul qilingan.
Ushbu loyiha davomida ham shengen, ham milliy vizalar uchun apellyatsiyasiz tartib joriy qilinib, bu usul murojaatlarning ko‘proq sonini ko‘rib chiqishga imkon bergani va vizalar bo‘yicha javob olish muddatini qisqartirgani aniqlangan.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2024 yilda elchixonalar taxminan 2 millionta viza arizasini ko‘rib chiqqan bo‘lib, ularning 485 mingtasi Germaniyada uzoq muddatli yashash uchun milliy vizalar bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 7 foizga, 2019 yil, ya’ni COVID-19 pandemiyasidan oldingi davrga qaraganda esa 26 foizga ko‘p degani.
Eslatib o‘tamiz, Germaniya parlamenti – Bundestag 27 iyun kuni cheklangan himoya maqomiga ega bo‘lgan qochqinlarning oila a’zolarini Germaniyaga olib kelish amaliyotini ikki yilga to‘xtatgandi.
Live
Barchasi