Endi fuqarolar O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishi mumkin
Jamiyat
−
25 avgust 2023
8119Joriy yilning 1 sentyabr kunidan boshlab O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ikki davlat o‘rtasidagi chegarani kesib o‘tishda identifikatsiya ID-kartasidan amalda foydalanishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 25 avgust kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnoma kuchga kirgan.
Bayonnoma bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, ikki davlat fuqarolari uchun Davlat chegarasini kesib o‘tishning soddalashtirilgan yagona tartibi joriy etilgan. Unga ko‘ra, joriy yilning 1 sentyabr kuni soat 00:00 dan boshlab ikki davlat hududiga kirish, undan chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turish uchun identifikatsiya ID -kartasidan amalda foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Jumladan, bundan buyon O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari 60 kungacha identifikatsiya ID-kartasi bilan ikki davlat hududlariga kirishlari, harakatlanishlari va unda bo‘lib turishlari mumkin.
O‘zbekiston fuqarolari xorijga chiqish biometrik pasporti bilan Qirg‘izistonga kirish, undan chiqish va tranzit orqali boshqa davlatlarga o‘tishlari mumkin bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston bugungi kungacha hali birorta davlat bilan ID-karta orqali o‘zaro borib-kelish tartibini yo‘lga qo‘ymagan edi. Qo‘shni Qirg‘iziston bu borada birinchi bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida 2006 yil 3 oktyabrda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida imzolangan fuqarolarning o‘zaro borib-kelishlari to‘g‘risidagi Bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida Bayonnoma almashinilgandi.
LiveBarchasi