Endi fuqaro roziligisiz tarqatilgan tasvir bilan fuqarolik sudi shug‘ullanadi

Jamiyat

image

Fuqarolik kodeksiga fuqarolarning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqiga doir qo‘shimcha kiritiladi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Adliya vazirligi tomonidan taklif etilayotgan Qonun loyihasida, fuqaroni tasvirga tushirish va undan foydalanishdan oldin qanday holatlarda roziligi olinishi yoki olinmasligi aniq belgilab qo‘yilmoqda. 

Xususan, loyihaga ko‘ra umumiy holatlarda fuqaroning tasvirini (foto, video, san’at asari ko‘rinishida) boshqa shaxslar tushirishi va undan foydalanishidan oldin roziligini (yozma, og‘zaki yoki harakat bilan) olishi lozim. Agar bunday rozilik olinmaganda, fuqaro tasvirini o‘chirib tashlashni talab qilish hamda yetkazilgan zarar va ma’naviy ziyonni fuqarolik sudi orqali undirish huquqiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Shuningdek, bedarak yo‘qolgan yoki jinoyat sodir etgan shaxsni qidiruvga berishda, davlat chegarasi va qo‘riqlanadigan hududlardan o‘tish va yo‘l harakati qoidalari buzilishini qayd etishda, doimiy kuzatuv joylarida (metro, hiyobon, binolar va boshqa) xavfsizlik, jamoat tartibini saqlash, fuqarolarni manfaatini himoya qilish kabi maqsadlarda tasvirga tushirish va undan foydalanish uchun fuqaroning roziligi talab qilinmasligi nazarda tutilmoqda.

Ayrim toifadagi shaxslarni, xususan, davlat xizmatchilarini xizmat vazifasi o‘tash paytida, davlat va jamoat arboblari hamda ilm-fan, sport, madaniyat va boshqa sohalarda taniqli shaxslarning tasviridan jamiyat uchun qiziqish uyg‘otadigan axborotlarni tarqatish maqsadida foydalanilganda ham egasining roziligi olinmasligi taklif etilmoqda.

Kiritilayotgan o‘zgarishlar fuqaroning sha’nini kamsitadigan, obro‘siga putur yetkazadigan, shaxsiy hayoti bilan bog‘liq voqealarni o‘z ichiga olgan tasvirlarini tarqatishga asos bo‘lmaydi. Bunday harakatlar taqiqlangan bo‘lib, ular uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan.
 


Maqola muallifi

Teglar

kodeks Surat

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing