Endi davlat xizmatchilarining xizmat safari elektron baholanadi
Jamiyat
−
20 iyun 1859 2 daqiqa
Endilikda davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlari natijasi elektron tizimda baholanadi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Farmon bilan yangi tartib o‘rnatiladi va unga muvofiq joriy yilning 1 oktyabridan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.
Bunda:
- xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;
- xizmat safarlarining muayyan davlat organining faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy ta’siri monitoring qilib boriladi;
- davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobot topshiradi hamda hisobot asosida xizmat safarining samaradorligi baholab boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur farmon bilan endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilishi hamda respublika darajasidagi tashkilot rahbarlari ham Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali tanlanishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi