O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining vazni nazorat qilinadi
Jamiyat
−
20 iyun 2025 7046 2 daqiqa
Endilikda O‘zbekistonda davlat xodimlarining tana vazni o‘lchab boriladi va bu haqdagi ma’lumotlar maxsus platformaga joylanadi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni qabul qilingan “Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, joriy yil 1 avgustdan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida har ish kunining muayyan vaqtlarida jismoniy tarbiya va harakat faolligi bo‘yicha tadbirlar o‘tkazib boriladi.
Davlat organlari xodimlarning vakillik organlari bilan hamkorlikda:
- imkoniyatdan kelib chiqqan holda tashkilot hududida sport zonalari tashkil etiladi;
- xodimlar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishi ta’minlanadi;
- sport targ‘ibotchilari tomonidan xodimlar o‘rtasida tana vazni indeksi o‘lchab borilishini hamda har bir xodim bo‘yicha ma’lumotlarning “hrm.argos.uz” platformasiga muntazam kiritib borilishi ta’minlanadi;
- xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya etilishi bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar amalga oshirib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur farmon bilan endilikda davlat xizmatiga birinchi marta qabul qilingan davlat xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi dastlab bir yil muddatga tuzilishi va keyinchalik faoliyatining ijobiy natijalariga ko‘ra mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga uzaytirilishi hamda respublika darajasidagi tashkilot rahbarlari ham Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona portali orqali tanlanishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi