Endi chiqindi xizmatidan qarzi borlar “svet”ga to‘lov qilolmaydi
Jamiyat
−
06 yanvar
121242024 yil 1 iyundan O‘zbekistonda chiqindi olib chiqib ketish bo‘yicha qarzdorlik yuzaga kelgan taqdirda iste’molchi elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmaydi. Yangi tartib dastlab Toshkent, Nukus va viloyatlar markazlarida, keyin esa butun respublika bo‘ylab kuchga kiradi.
Bu O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 4 yanvarda imzolangan "Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonida belgilandi.
Energetika vaziri axborot xizmatining ma’lum qilishicha, endi qattiq maishiy chiqindilar bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlardan qarz yuzaga kelgan bo‘lsa, "svet" uchun to‘lov qilish cheklanadi.
Hujjatga ko‘ra:
- 2024 yilning 1 iyunidan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 6 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
- 2024 yilning 1 noyabridan respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 3 oy davomida shakllangan qarzdorlik uchun;
- 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran respublikaning barcha hududida chiqindi xizmatlari bo‘yicha 1 oylik qarzdorlik uchun elektr energiyasiga to‘lovni amalga oshirishda cheklovlar o‘rnatiladi.
Ushbu cheklovlar 2023 yil 31 dekabrgacha to‘plangan qarzlarga ta’sir qilmaydi.