Endi Hindiston Pokistonga suv bermaydi
Olam
−
07 may 13069 2 daqiqa
Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Hind daryosi Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatgani bo‘yicha qaror bekor qilinmasligi va Hindistonning suvi mamlakatning o‘ziga ham kerakligini aytdi. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 7 may kuni mamlakatdagi tadbirlardan biriga so‘zga chiqqan Bosh vazir Modi suv haqida alohida to‘xtalib o‘tgan.
“Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida suv haqida ko‘plab muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Oldin Hindistonning huquqi bo‘lgan suv ham mamlakatdan chiqib ketayotgan edi. Endi Hindistonning suvi Hindistonning foydasi uchun oqadi, Hindistonning foydasi uchun saqlanadi va Hindistonning taraqqiyoti uchun ishlatiladi”, degan Bosh vazir.
Ma’lumot uchun, “Hind daryosi suvlari to‘g‘risida”gi shartnoma Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1960 yil Qarochi shahrida Jahon banki vositachiligida imzolangan. U Himoloy tog‘laridan boshlanib, bahsli Kashmir hududidan oqib o‘tuvchi Hind havzasining olti daryosi suvlarining taqsimlanishini tartibga soladi.
Shartnomaga muvofiq, Pokiston uchta g‘arbiy daryo – Hind, Jelum va Chenab ustidan nazoratni qo‘lga kiritadi.
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvi
22 aprel kuni Hindistonning Kashmir hududida qurollangan shaxslar sayyohlar guruhiga o‘q uzdi. Oqibatda 20 dan ortiq odam halok bo‘ldi. Voqea sodir bo‘lgan Pahalgam shahri mashhur sayyohlik maskani hisoblanadi. U Hindiston va Pokiston da’vo qilayotgan bahsli hududda joylashgan.
Hindiston hukumati Kashmirdagi teraktdan keyin o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda Pokistonga nisbatan keng ko‘lamli diplomatik va viza blokadasi joriy etishga qaror qildi. Yig‘ilish yakunida Hindiston 1960 yilda tuzilgan Hind daryosi bo‘yicha suv bitimini to‘xtatishga qaror qildi. Bundan tashqari, Pokiston bilan yagona rasmiy quruqlikdagi chegara punkti – Attari yopildi. Pokiston fuqarolariga vizasiz kirish dasturi to‘xtatildi va ikki davlatdagi diplomatik xodimlar soni qisqartirildi.
Shundan so‘ng Pokiston hukumati Hindistonning suv oqimini to‘xtatish yoki burib yuborishga urinishi harakatini “urush harakati” sifatida baholashini bildirdi.
Keyinchalik Pokiston Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Hindistonga qarshi urushga tayyorligini bildirib, bir qator bayonotlar va videolar e’lon qildi
30 aprel kuni Pokiston Axborot vaziri ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida Hindiston ularni 24-36 soat ichida hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ishonchli razvedka ma’lumotlari borligini aytdi. Hindiston bu bayonotga izoh bermadi. Shu bilan birga, OAV Pokiston Hindiston bilan chegarada 6 bor o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganini xabar qildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr