Endi har bir fuqaro mahalliy byudjetning tiyin-tiyinini nazorat qilishi va taklif berishi mumkin

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, 2019 yildan faoliyat boshlagan "Ochiq byudjet" portali orqali fuqarolar davlat byudjeti daromadlari va xarajatlari, shuningdek, davlat tashkilotlari hamda hokimliklarning qancha pulni qayerga sarflagani va byudjetga oid yana ko‘plab ma’lumotlarni kuzatib borishi mumkin edi. 

Joriy yilning 1 iyul kunidan boshlab ushbu portal yangi talqinda faoliyat boshladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, avvalgisidan nima farqi bor? 

Kecha, 9 iyul kuni  Moliya vazirligida "Ochiq byudjet" portalining yangi versiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda ta’kidlanishicha, endi fuqarolarning o‘zi mahalliy byudjetning qayerga sarflashni hal qilishi va bu bo‘yicha takliflar berishi mumkin.  Boshqacha qilib aytganda, fuqarolar “Ochiq byudjet” portaliga o‘z mahallasi yoki tumanidagi muammoni yozib joylashtiradi va eng ko‘p ovoz to‘plagan masalalarga mahalliy byudjet mablag‘larining muayyan qismi ajratiladi.

"Ochiq byudjet" portali orqali endi barcha fuqarolar nafaqat byudjet mablag‘lari to‘g‘risida, balki soliq va boshqa to‘lovlar nima maqsadda sarflanayotgani, jamg‘armalarning pullari qayerga yo‘naltirilgani hamda har qanday davlat tashkilotlarining byudjet mablag‘lari haqida batafsil ma’lumot olishlari mumkin. Shuningdek, o‘zini qiynayotgan muammolarni amalga oshirish uchun loyihalar taklifi bilan chiqishi va shu kabi loyihalarni yoqlab ovoz berish imkoniyatiga ham ega", deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov. 

Qayd etilishicha, fuqarolar tomonidan berilgan loyihalar qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 ming baravaridan, ya’ni 980 mln so‘mdan oshib ketmasligi lozim. Hozirda fuqarolar tashabbuslari uchun tuman (shahar)lar byudjetlariga davlat byudjetidan jami 157 mlrd so‘m ajratilgan.

"Bu yil byudjet mablag‘larini ishlatishda fuqarolar faolligini oshirish maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ularning muammolarini hal qilishga yordam beradigan ikkita o‘zgarish bo‘ldi.

Birinchidan, mahalliy byudjetlarning 10 foiz emas, bundan buyog‘iga 30 foizi fuqarolar ilgari surgan tashabbuslarga ishlatish, ularning muammolarini hal qilishga sarflanadi.

Barchamizga ma’lum, ayrim tumanlarda qo‘shimcha daromad judayam kam bo‘ladi. Ya’ni bunga bog‘liq bo‘lib qolmaslik uchun mahalliy byudjet xarajatlarining 5 foiz qismini faqatgina aholi bildirgan muammolarni hal qilishga ishlatish bo‘yicha loyihani boshlash topshirig‘i berilgan. Bu yo‘nalishda har bir viloyatda bittadan tuman pilot sifatida tanlab olingan. Qo‘shimcha daromad bo‘lishi yoki bo‘lmasligidan qat’i nazar, ajratilgan 5 foizni aholi ko‘targan masalalarga yo‘naltirishni ta’minlaymiz", deya ta’kidladi vazir.

Ma’lumot o‘rnida, fuqarolar tomonidan shaxsiy masalalar (uy qurish, mashina olish, biznes qilish) aks etgan loyihalar hamda juda katta loyihalar ko‘rib chiqilmaydi. Asosan maktab, bog‘cha yoki yo‘l qurilishi bilan bog‘liq takliflarga pul ajratiladi. Misol uchun, mahallangizdagi yo‘lni ta’mirlash haqidagi taklifingizni portalga joylaysiz, agar ko‘p ovoz to‘plasa, davlat byudjetidan mahallangizdagi yo‘l uchun mablag‘ ajratiladi.

"Bizda asosiy muammo va kamchiligimiz portalning texnik imkoniyati bilan emas, aholi faolligining pastligi bilan bog‘liq. Har qanday sohaga ham yetarli mablag‘lar yo‘naltirilmaydi degan mazmunda duda ko‘p tanqidlar bo‘ladi,. Tan olamiz, har doim ham yetarlicha yo‘naltirilmaydi. Chunki, mablag‘ kam. Lekin, shu pulni ham samarali ishlatsa, odamlarning ko‘p muammolari hal bo‘ladi. Agar aholi faolligini oshirsak, ular “Ochiq byudjet” portali orqali faolroq bo‘lishsa, portaldan to‘g‘ri foydalanilsa, muammolarni birgalashib hal qilish mumkin", deydi Moliya vaziri Timur Ishmetov.


Maqola muallifi

Teglar

byudjet

Baholaganlar

43

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing