Elektrotexnika sanoatida ishlab chiqarish 11 mlrd dollarga yetkaziladi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2030 yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga olib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilgan. Natijada sohada ishlab chiqarish hajmi 2018 yildagi 4,7 trillion so‘mdan 43,1 trillion so‘mga yetgan, eksport 1 milliard dollardan oshgan. Bugungi kunda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarmoqda. Misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va eksporti ortdi, past qiymatli mahsulotlarning ulushi esa sezilarli kamaygan. Maishiy texnika bo‘yicha ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi eksport qilinmoqda. Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgan.

Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan, 706 million dollarlik eksport ta’minlangan. 148 million dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratilgan. Yil yakunigacha 51 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 milliard dollarga yetkazish, 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030 yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, misga qo‘shilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqilgan.

Buning uchun O‘zbekistonda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar hisobiga mazkur ko‘rsatkich 300 ming tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 million dollarlik buyurtma bozorini shakllantiradi.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi zarur masalalar ham bor. Ayrim korxonalarda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta’minoti yetishmayapti, mis xomashyosini birja orqali xarid qilishda qulay moliyaviy instrumentlar talab etilmoqda, yirik xalqaro brendlarni jalb etish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish zarur. Aholi uy-joylari qurilishi ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.

Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif etilmoqda. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 million dollar resurs yo‘naltiriladi.

Endilikda kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari, sug‘urta polislari kabi boshqa ta’minot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.

Kamida 50 million dollar sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari taqdim qilinib, infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etilmoqda. Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddatini 2030 yilgacha uzaytirish, yondosh mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini yengillashtirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan.

Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilingan. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar bergan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing