Elektromobil sotib olish uchun bir qator imtiyozlar berilishi kutilmoqda
Jamiyat
−
25 mart 2022
20841O‘zbekistonda elektromobillar sotib olish, quvvatlantirish stansiyalarini o‘rnatish uchun qator imtiyozlar beriladi. Bu haqda “Elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida” Prezident qarori loyihasida belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, elektromobillar va elektrobuslarni (M1, M2, M3, N1, N2, N3 kategoriyadagi, keyingi o‘rinlarda – elektromobillar) xarid qilish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirish maqsadida 2022 yil 1 apreldan 2030 yil 31 aprelgacha qadar:
• quvvatlantirish stansiyalari hamda ularning har biri atrofida kamida ikkita elektromobil uchun to‘xtash joyi joylashgan yer uchastkalari yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
• yuridik shaxslarning mijozlarni jalb qilish uchun quvvatlantirish stansiyalarni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlari, daromad solig‘ini hisoblashda chegirib tashlanadigan xarajatlar hisoblanadi. Bunda, ushbu chegiriladigan xarajatlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
• elektromobillarni respublika hududiga olib kirishda ular bojxona bojidan ozod qilinishi ma’lumot uchun qabul qilinsin hamda ishlab chiqarilgan sanasi bir yildan oshmagan elektr dvigatelda harakatlanuvchi avtomototransport vositalarini “erkin muomalaga chiqarish” (import) bojxona rejimida rasmiylashtiradigan jismoniy va yuridik shaxslar 2027 yil 1 yanvarga qadar utilizatsiya yig‘imi to‘lashdan ozod etiladi;
• respublika hududiga olib kiriladigan elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari, ularning komponentlari va servis infratuzilmasi texnologik asbob-uskunalari bojxona bojidan (bojxona rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilinadi.
Qaror qabul qilingach, Moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur kichik banddan kelib chiqqan holda “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, elektromobillardan foydalanishni rag‘batlantirish va infratuzilmani yaratish maqsadida:
• elektromobillarni quvvatlantirish xizmatlarini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga elektr energiyasini xarid qilish xarajatlari 2025 yil 1 yanvarga qadar Davlat byudjeti tomonidan subsidiya berish orqali to‘liq qoplanadi;
• tadbirkorlik sub’ektlarining quvvatlantirish stansiyasini sotib olish va uning uskunalarini o‘rnatish xarajatlarini qisman qoplash maqsadida har bir Mode 4 turidagi 60 kVt va undan yuqori quvvatli yangi stansiya uchun Davlat byudjetidan 10 000 AQSH dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.
Mazkur kichik bandda nazarda tutilgan kompensatsiyalar Mode 3 turidagi quvvatlantirish stansiyalarida Type 2 va GB/T AC konnektorlari hamda Mode 4 turidagi quvvatlantirish stansiyalarida CCS Combo 2 va GB/T DC konnektorlari bilan birga o‘rnatilgandagina taqdim etiladi.
LiveBarchasi