Ferrari’ning ilk elektromobili auksionda rekord narxga sotildi

Texnologiya

image

Ferrari’ning Luce versiyasidagi ilk elektr avtomobili Kaliforniyada RM Sotheby’s xayriya auksionida 40 million dollarga sotilib, auksionda sotilgan eng qimmat yangi avtomobil bo‘ldi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Qayd etilishicha, savdolar Monterey Car Week avtomobil haftaligi doirasida o‘tkazilgan. Auksionga Chassis 0 dasturi asosida yaratilgan Luce’ning noyob versiyasi – modelning birinchi seriyaviy nusxasi qo‘yilgan.

Nashrga ko‘ra, avtomobil savdosidan tushgan barcha mablag‘ Ferrari’ning o‘z xayriya jamg‘armasiga o‘tkazilib, ta’lim dasturlariga yo‘naltiriladi.

Ma’lumot uchun, avvalgi rekord ham Ferrari’ga tegishli bo‘lgan. 2025 yilda individual buyurtma asosida ishlangan Daytona SP3 xuddi shunday xayriya auksionida 26 million dollarga sotilgan edi.

Ferrari kompaniyasi Luce modelini 2026 yil may oyida taqdim etgan. Kompaniyaning birinchi elektromobilining bazaviy narxi 550 ming yevroni tashkil etadi. Auksiondagi nusxa esa bu qiymatdan taxminan 63 baravar qimmatga sotilgan.

Luce avtomobili Apple’ning sobiq bosh dizayneri, iPhone va iMac dizayni yaratuvchilaridan biri Joni Ayv asos solgan LoveFrom studiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. To‘rt eshikli elektromobil jami quvvati 1 000 ot kuchidan yuqori bo‘lgan to‘rtta elektr dvigateli bilan jihozlangan.

Ferrari bosh direktori Benedetto Vinya model taqdimotidan keyin kompaniya doimiy mijozlardan ham, yangi xaridorlardan ham buyurtmalar olayotganini aytgan.

Qayd etilishicha, rekord o‘rnatgan avtomobilni xaridor darhol olmaydi. Auksiondan so‘ng avtomobil yakuniy yig‘ish uchun Ferrari’ning Maranellodagi zavodiga qaytariladi va uni egasiga 2027 yil birinchi choragida topshirish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yetti karra jahon chempioni Mixael Shumaxerning 1997 yilgi Belgiya Gran-prisida boshqargan “Ferrari F310 B” avtomobili joriy yilning yanvar oyi oxirida kimoshdi savdosiga qo‘yilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing