Elektrdagi uzilishlar ta’lim berishga ta’sir qilmoqda – Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi
Jamiyat
−
25 aprel 2020
3057Olis hududlarda yashovchi aholi elektr ta’minotidagi uzilishlar ta’lim olishga ta’sir qilayotganini ma’lum qilgan. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot kotibi Feruza Madrahimova kecha, 24 aprel kuni o‘tkazilgan onlayn brifingda aytib o‘tdi.
“Inspeksiya Xalq ta’limi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari bilan hamkorlikda masofaviy ta’limning tashkil etilishi monitoringini olib bormoqda.
Ushbu jarayonda keng jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ota-onalarga qulaylik yaratish maqsadida Inspeksiyaning @edumonitoring_bot telegram boti ishga tushirilgan.
Mazkur telegram bot orqali ota-onalar maktab va OTMlarda masofaviy o‘qitishning sifati, uni tashkil etish hamda hududlardagi muammo va qiyinchiliklar bo‘yicha xabar va takliflar bermoqda.
Misol uchun, olis hududlarda yashovchi ko‘pchilik talabalar elektr uzilishlari sababli masofaviy ta’lim tizimidan samarali foydalana olishmayotganliklarini ma’lum qilishgan. Ayni paytda hamkor vazirliklar va mahalliy hokimliklar bilan masofaviy ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda”, deydi inspeksiyasi vakili.