Shamlarni tayyorlang! Elektr energiyasi yetkazib berishga cheklov kiritilyapti

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 21 iyul kunidan boshlab elektr energiyasiga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgani sababli ishlab chiqarilayotgan va iste’mol qilinayotgan elektrning nomutanosibligi natijada energotizimdagi yirik avariyaviy holatlarning oldini olish va uning barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida respublika iste’molchilariga cheklovlar kiritilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston MET” AJ xabar berdi.

Respublika bo‘yicha kiritilayotgan cheklov miqdori taxminan 1,5–2,0 mln kVt soat ni tashkil etmoqda. Bu kunlik o‘rtacha iste’molning (195,6 mln. kVt soat) 0,8–1,0 foizini tashkil etadi.

Shu bilan birga, respublika bo‘yicha vaqtinchalik elektr ta’minotidagi uzilishlariga qo‘shni Tojikiston energotizimidan qabul qilinayotgan elektr energiyasi importi hajmining keskin qisqarishi ham sabab bo‘lmoqda. 

Ma’lumot uchun, Tojikistonda suv tanqisligi oqibatida joriy yil 16 iyul kuni soat 02:33da kuchlanishi 500 kV bo‘lgan “Regar” va “Surxon” podstansiyalarini bog‘lovchi L-508 havo elektr uzatish tarmog‘i orqali import amaliyoti to‘xtatilgan va import miqdori sutkalik o‘rtacha 12,0 mln kVt soatdan 0,3 mln kVt•soatgacha kamaygan. 

“Shartnomaga asosan elektr energiyasi importi shartnomasi sentyabr oyigacha bo‘lganligi sababli issiqlik stansiyalariga iyul oyiga elektr energiyasi importini qoplash uchun yoqilg‘i ko‘zda tutilmagan va elektr stansiyalar uskunalari ta’mirga chiqarilgan.

Shunga qaramasdan, joriy rejimlarda elektr stansiyalarga shartnomada ko‘zda tutilgan miqdordan 10–12 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berilmoqda, aniqrog‘i issiqlik elektr stansiyalarida rejaga nisbatan 8 mln kVt soat va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 25–30 mln kVt soat ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Tojikiston energotizimidan import miqdorining keskin kamaytirilishi “Nurek” suv omboriga suv kelishining prognoz ko‘rsatkichlardan kamligi va suv sathining pastligi sababli Tojikistonning “Barki Tochik” kompaniyasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, respublikada joriy yilda kuzatilayotgan suv tanqisligi sababli O‘zbekiston gidroelektrostansiyalarida shartnomaviy miqdorga nisbatan kunlik 6-7 mln kVt soat, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10–12 mln kVt soat kam elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda va bu ham, o‘z navbatida, elektr energiyasi tanqisligini yuzaga keltirmoqda.

Ma’lum qilinishicha, mavjud holatni barqarorlatirish maqsadida “O‘zbekiston MET” AJ o‘z vakolatlari doirasida “Turkmenenergo” kompaniyasi bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, ushbu amaliyotning boshlanishi 2020 yil 28 iyuldan kutilmoqda.

P.S.: So‘nggi kunlarda elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatila boshlangandi. Bu uzilishlar bekor emasligi tashkilot rasmiy bayonotidan so‘ng ma’lum bo‘ldi va ma’lum muddat elektr energiyasi ta’minotida muammolar kuzatiladiganga o‘xshaydi. Shamlarni tayyorlayverish kerakka o‘xshaydi.

Xabar soat 20:32 da to‘ldirildi


Maqola muallifi

Teglar

elektr energiya

Baholaganlar

1520

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing