Sement o‘rniga narkotik. Qurilishda kokaindan foydalanilmoqda
Olam
−
22 fevral 2023 13492 1 daqiqa
Ekvadorda jinoyatchilardan musodara qilingan noqonuniy narkotik moddalar ko‘payib ketganidan ularni saqlanuvchi omborlar taqchilligi vujudga keldi. Shundan so‘ng narkotiklarni yo‘q qilish uchun betonga kokain qo‘shila boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2021 yilda musodara qilingan giyohvand moddalarning og‘irligi 210 tonnani, 2022 yilda esa 130 tonnani tashkil etgan. Ular utilizatsiya qilingunga qadar saqlanadigan 27 ta ichki ishlar idoralarining omborlari to‘lib ketgan.
Shundan so‘ng narkotik moddalardan tez va samarali xalos bo‘lishning yangi usuli o‘ylab topilgan. Unga ko‘ra, kokain bloklari boshqa chiqindi mahsulotlar bilan birga maydalanib, hosil bo‘lgan kukunni qum va suv bilan birga sementga qo‘shish orqali narkotiklar yo‘q qilina boshlangan.
Ekvador politsiyasining narkotiklar bo‘limi boshlig‘i Pablo Ramiresning aytishicha, bir tonna kokainni yoqish uchun taxminan 12 soat vaqt ketadi, uni betonga aralashtirib, yo‘q qilish esa bor-yo‘g‘i uch soat vaqt oladi.
“Ushbu jarayon arzonroq hamda kamroq vaqt talab etadi, shuningdek, atrof-muhitga ham kamroq ta’sir qiladi”, degan Pablo Ramires.
Rasmiylar yaqin kelajakda 83 tonnaga yaqin kokainni maydalab betonga aralashtirishni, hosil bo‘lgan materialni esa qurilishda ishlatishni rejalashtirgan.
Alibek Beyjanov
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr