Ekoqo‘mita tizimida 87,3 mlrd byudjet mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va uning tizimidagi byudjet tashkilotlari hamda hududiy "Toza hudud" DUKlarida byudjetdan ajratilgan va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan o‘tkazilgan tekshirishlarda jami 87,3 mlrd.so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi.

Jumladan, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi va uning tizimidagi byudjet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi, mehnat ta’tili, moddiy yordam va mukofot pullarini hisoblashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida 9,4 mlrd so‘m miqdoridagi byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan.

Misol uchun, ekologiya, atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish jamg‘armasiga ajratiladigan tushumlarni, atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilar joylashtirilganligi uchun kompensatsiya to‘lovlarini hamda bioxilma-xillik yuzasidan tabiatga yetkazilgan zarar uchun tegishli tashkilotlardan 3,8 mlrd so‘m undirilishi ta’minlanmagan bo‘lsa, byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 2,2 mlrd so‘m boshqa xarajatlarga ortiqcha va maqsadsiz sarflab yuborilgan.

Bundan tashqari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi tizimidagi hududiy “Toza hudud” DUKlarga ajratilgan byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larni maqsadli sarflanishida, ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda, maxsus texnikalar va chiqindi konteynerlarini xarid qilishda hamda chiqindi poligonlarini qurilishida 77,9 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Misol uchun, Andijon viloyati “Toza hudud” DUK hisobchisi o‘ziga tegishli bank kartasiga 282,7 mln so‘m mablag‘ni asossiz o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati “Toza hudud” DUKda xodimlarning oylik ish haqi miqdori asossiz ravishda yuqori qo‘llanilishi hisobiga ishchi-xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan 1 730,4 mln so‘m ortiqcha to‘lab yuborilgan.

Shu kabi holatlarga Navoiy (1 561,7 mln so‘m), Samarqand (776,4 mln so‘m), Surxondaryo (262,1 mln so‘m), Jizzax (173 mln so‘m), Xorazm (101,6 mln so‘m), Sirdaryo (50,5 mln so‘m) va Buxoro (29,6 mln so‘m) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi (236,3 mln so‘m)dagi  hududiy “Toza hudud” DUKlarida ham yo‘l qo‘yilgan. 

Hududiy “Toza hudud” DUKlarida maxsus transport vositalaridan maqsadli foydalanilishida va yoqilg‘i moylash mahsulotlarini sarflash me’yorlariga amal qilinmaganligi natijasida 44,2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar asossiz ortiqcha sarflangan.

Misol uchun, maishiy chiqindi yig‘ish poligonlarida yordamchi bino, avtogaraj, ma’muriy binolar va inshoatlar qurilishida pudratchilar tomonidan bajarilmagan qurilish-ta’mirlash ishlarini hisobotlarga qo‘shib yozilishi oqibatida Toshkent (695 mln so‘m), Sirdaryo (587,5 mln so‘m), Navoiy (201,6 mln so‘m), Andijon (104,8 mln so‘m), Jizzax (91 mln so‘m), Farg‘ona (36 mln so‘m) va Xorazm (25 mln so‘m) viloyatlarida mablag‘lar asossiz sarflab yuborilgan.

Shuningdek, Buvayda tuman hokimining qarori bilan 2020 yilda poligon uchun ajratilgan hududda 470 mln so‘mga qurib bitkazilgan avtogaraj mazkur yilning noyabr oyida asossiz buzib tashlanib, byudjet mablag‘larini samarasiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan. 

Hududiy “Toza hudud” DUKlar tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga rioya etilmasdan 11,3 mlrd so‘mlik shartnomalar tuzilgan va xaridlar amalga oshirilgan. 

Misol uchun, mazkur Qonun talablariga zid ravishda Samarqand (7,1 mlrd so‘m), Buxoro (794,7 mln so‘m) va Namangan (372,4 mln so‘m) viloyatlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan. 

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.


Maqola muallifi

Teglar

Moliya vazirligi

Baholaganlar

43

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing