Yoqilg‘i yo‘qligi sababli G‘azodagi shifoxonada chaqaloqlar halok bo‘lyapti
Olam
−
11 noyabr 2023
4007G‘azo sektoridagi eng yirik "Ash-Shifa" shifoxonasida yoqilg‘i yetishmasligi sababli tibbiyot xodimlari operatsiyalarni to‘xtatdi. Bu haqda anklav Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
“Oqibatda 45 nafar chaqaloq bo‘lgan inkubator ichidagi yangi tug‘ilgan bir chaqaloq vafot etdi”, deyiladi xabarda.
"Ash-Shifa" shifoxonasi direktori Isroil harbiy-havo kuchlari tibbiyot muassasasiga tutash hududga zarba berishi oqibatida olti kishi halok bo‘lganini aytgan. Ayrim bemorlar ham jarohatlangan. Unga ko‘ra, Isroil armiyasi jurnalistlar bo‘lgan chodirga yaqin joyga zarba bergan.
G‘azo sektoridagi yana bir shifoxona Al-Quds ham yoqilg‘i bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda va tez orada faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Falastin Qizil Yarim Oy Jamiyatining xabar berishicha, ta’minotning tugashi 500 ga yaqin bemorni tibbiy yordamsiz qoldirishi, shuningdek, inkubatorlardagi chaqaloqlar va reanimatsiya bo‘limlaridagi bemorlarning o‘limiga olib kelishi mumkin.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adanom Gebreisus G‘azo sektorida har 10 daqiqada bir bola nobud bo‘lishini aytgan. Umuman olganda, 11 mingga yaqin odam Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan mojaro qurboni bo‘lgan.
LiveBarchasi