Egeydagi fojia: o‘nlab qochoqlar dengizda halok bo‘ldi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha idorasi 21-24 dekabr kunlari Egey dengizida Gretsiya qirg‘oqlarida sodir bo‘lgan bir qator fojialar haqida xabar berdi. Bir necha hodisa oqibatida kamida 31 muhojir halok bo‘lgan, yana o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BMT Matbuot xizmati xabar berdi.

Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati mamlakat dengiz va havo kuchlari hamda yaqin atrofdagi xususiy savdo kemalari ko‘magida ochiq dengizda bo‘lgan 160 dan ortiq odamni qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining Gretsiyadagi vakili Mariya-Klara Marti “xavfsiz yo‘llardan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan umidsiz muhojirlar va qochqinlar o‘z taqdirini g‘ayriinsoniy kontrabandachilarga ishonib topshirish” va oldini olish mumkin bo‘lgan fojialar qayta-qayta takrorlanayotganidan xavotir bildirgan.

“Inson qayg‘usi va umidsizlikdan foyda ko‘ruvchilarni to‘xtatish uchun yanada keskin choralar ko‘rish kerak. Suvdan o‘liklar olish odatiy holatga aylanmasligi kerak”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Halokatlarning birinchisi 21 dekabr kuni Folegandros oroli yaqinida sodir bo‘lgan - 13 kishi qutqarilgan, biroq bortda 50 dan ortiq muhojir bo‘lgan. Hozirgacha uch nafar halok bo‘lgan migrantning jasadi topilgan.

Ikkinchi baxtsiz hodisa o‘sha hafta oxirida sodir bo‘ldi - 11 kishi halok bo‘ldi, 88 migrant qutqarildi.

Rojdestvoga o‘tar kechasi Paros qirg‘oqlari yaqinida 80 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan yana bir qayiq ag‘darilib ketdi. Ushbu hodisa natijasida 17 kishi, jumladan, chaqaloq halok bo‘ldi.

BMT qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilning yanvaridan noyabrigacha O‘rta yer dengizi orqali va Afrikaning shimoli-g‘arbiy sohillari bo‘ylab dengiz yo‘lidan Yevropaga yetib olishga uringan 2,5 ming kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT qochqin

Baholaganlar

93

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing