Ebolani eplab bo‘lmayapti. Qurbonlar soni 2 700 dan ortdi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi oqibatida 2700 dan ortiq odam vafot etdi hamda 5600 dan ziyod holat qayd etildi. Bu haqda JSSTning Afrikadagi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Mari Rozelin Belizer 26 avgust kuni o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kongoda Ebola bilan kasallanish holatlari oshishda davom etmoqda. Ayrim yo‘nalishlarda vaziyat yaxshilanayotgani kuzatilayotgan bo‘lsa-da, kasallikning tarqalishi hanuz juda faol.

“Tarqalish jarayoni hamon juda faol. Biz uning tezlashishini sekinlashtirdik, ammo egri chiziqni hali pasaytira olmadik”, dedi Belizer.

JSST vakili Kongo Demokratik Respublikasidagi epidemiya Ebola tarixidagi ikkinchi eng ko‘p o‘lim qayd etilgan epidemiya ekanini ta’kidladi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan choralar tarqalish sur’atiga yetib olishda qiynalmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarni aniqlash va test o‘tkazish ishlari yaxshilangani qayd etildi. Mutaxassislar Bundibugio shtammi bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda virusning tez tarqalayotganiga qaramay, hozircha mutatsiya belgilari aniqlanmaganini ma’lum qildi.

Kongodagi vaziyatdan farqli o‘laroq, qo‘shni Ugandada Bundibugio shtammi sababli yuzaga kelgan Ebola epidemiyasi rasman yakunlangan.

Uganda hukumati 28 iyul kuni mamlakat Ebola kasalligidan xoli ekanini e’lon qilgan. JSST esa kasallikning yashirin yuqish zanjirlari qolmaganiga ishonch hosil qilish uchun vaziyatni avgust oyining oxirigacha kuzatgan.

Ugandada epidemiya davrida jami 20 ta kasallanish holati qayd etilib, ikki kishi vafot etgan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ugandadagi epidemiya tugagan bo‘lsa-da, Kongo Demokratik Respublikasida Ebola tarqalishining davom etayotgani mintaqa uchun jiddiy xavf bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongoda Ebola epidemiyasi nazoratdan chiqib, virus 2 500 dan ortiq insonning hayotiga zomin bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing