Eboladan o‘lganlar 200 dan oshdi. Virus haqida nimalar ma’lum?
Olam
−
25 may 2548 4 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Ebola virusini yuqtirganlikda gumon qilinayotganlar soni 900 nafardan oshdi, yana 200 dan ortiq kishi ushbu kasallik oqibatida vafot etdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga ko‘ra, kasallikning tarqalishi Kongo uchun “o‘ta yuqori” xavf tug‘dirmoqda. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Kecha, 24 may kuni KDR Aloqa vazirligi mamlakatda 904 nafar gumonlanuvchida kasallanish holati qayd etilganini ma’lum qilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kasallik qurbonlari soni 220 kishini tashkil etmoqda. JSST rahbari Tedros Adanom Gebreisusning so‘zlariga ko‘ra, kasallik holatlarini aniqlash kechikib qolgani sababli, javob choralarini endi “voqeadan keyin ko‘rishga majbur bo‘linyapti” va Ebola bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashadi.
Shu bilan birga, JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning qolgan qismi uchun hozircha xavf mavjud emas – kasallikning KDR tashqarisiga tarqalish ehtimoli pastligicha qolmoqda. Shunga qaramay, ushbu epidemiya xalqaro ahamiyatga molik favqulodda vaziyat deb tan olingan.
Vaziyatni mahalliy aholining bemorlar va tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkorligi yanada murakkablashtirmoqda. Xususan, mamlakat sharqida noma’lum shaxslar ikkita turli shahardagi Ebolani davolashga mo‘ljallangan ikkita chodirli markazga o‘t qo‘yib yuborgan. Ekspertlar bunday xatti-harakatlarni bir qancha sabablar bilan bog‘lamoqda: iqtisodiy tanazzul, jinoyatchilikning yuqori darajasi, harbiy guruhlarning faolligi va kasallikka qarshi kurashda xalqaro yordamning yetishmasligi.
Mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lgan yana bir omil – Ebola qurbonlarini dafn etish bo‘yicha joriy etilgan qat’iy qoidalardir. Rasmiylar an’anaviy dafn marosimlari paytida kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida bu qoidalarni hamma joyda joriy qilmoqda. Oilalar esa, o‘z navbatida, motam marosimlarini o‘z urf-odatlariga ko‘ra o‘tkazishni istaydi. Aynan mana shunday cheklovlar tufayli Ruvamparedagi markazlardan biri yoqib yuborilgan. Guvohlar va politsiyaning so‘zlariga ko‘ra, bir guruh yoshlar do‘stlarining jasadini olib ketishga harakat qilgan va uning Eboladan vafot etganini inkor etgan.
Kongoning shimoli-sharqiy qismi rasmiylari ta’ziya marosimlari va 50 dan ortiq kishi ishtirok etadigan har qanday yig‘ilishlarni taqiqlab qo‘ygan. Ebola qurbonlari kutilayotgan qabrlarni qurollangan askarlar va politsiya qo‘riqlamoqda, voqea joyida insonparvarlik tashkilotlari xodimlari ishlamoqda.
Shu bilan birga, Ebola epidemiyasiga qarshi kurashayotgan shifokorlar yuzni himoya qiluvchi ekranlar va tibbiy kombinezonlar kabi zarur himoya vositalari yo‘qligidan shikoyat qilmoqda. Test to‘plamlari, jasadlar uchun qop va vafot etganlarni xavfsiz dafn etish uchun zarur bo‘lgan boshqa materiallar yetishmayapti. Eboladan halok bo‘lganlarning jasadlari o‘ta yuqumli hisoblanadi, shuning uchun ular bilan himoya vositalarisiz ishlash o‘lim darajasida xavfli.
“Bizda faqat qo‘llar uchun antiseptik va hamshiralar uchun bir nechta niqob bor, xolos”, deydi voqea joyida ishlayotgan insonparvarlik tashkiloti xodimi Jyulen Lusenge.
Ebola bezgagi haqida nimalar ma’lum?
Ebola infeksiyasi – bu kam uchraydigan, ammo og‘ir kechuvchi kasallik bo‘lib, ko‘pincha insonlar o‘limiga olib keladi. Bu kasallikning qo‘zg‘atuvchilari filoviruslar oilasining Orthoebolavirus turiga mansub viruslardir. Bugungi kunda oltita ortoebolavirus ma’lum bo‘lib, ulardan uchtasi bezgakning keng ko‘lamli epidemiyasini keltirib chiqarishga qodir – bular Kongodagi daryo nomi bilan atalgan Ebola virusi, Sudan virusi va Bundibudjio virusidir.
KDRdagi ushbu epidemiyaga Ebolavirusning Bundibudjio (BDBV) podtipi sabab bo‘lgan. Ayni paytda ushbu podtipga qarshi tasdiqlangan dori vositalari yoki vaksinalar mavjud emas. Aynan shu sababli JSST Afrikadagi yangi Ebola epidemiyasini favqulodda vaziyat deb e’lon qildi.
Ebolavirusi insonga kasallangan hayvonlarning, masalan, mevaxo‘r ko‘rshapalaklar, shimpanzelar, gorillalar, o‘rmon antilopalari yoki dikobrazlarning qoni, ajratmalari, a’zolari yoki boshqa tana suyuqliklari bilan yaqin aloqada bo‘lganda yuqishi mumkin. Virusning odamdan odamga yuqishi esa shikastlangan teri yoki shilliq pardalar orqali, kasallangan yoki vafot etgan shaxsning qoni va fiziologik suyuqliklari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilganda, shuningdek, ushbu suyuqliklar bilan zararlangan buyumlar yoki yuzalarga tegganda sodir bo‘ladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, Ebola bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatgan sog‘liqni saqlash xodimlarining zararlanish holatlari tez-tez uchrab turadi. Virus infeksiyasi, shuningdek, dafn marosimlari paytida, agar marosim ishtirokchilari zararlangan jasadga to‘g‘ridan to‘g‘ri tegishsa ham yuqishi mumkin.