Ebola nazoratdan chiqib ketmoqda – MSF
Olam
−
31 may 4431 2 daqiqa
Ebola virusi nazoratdan chiqib, Markaziy Afrikada shiddat bilan tarqalmoqda. Bu haqda “Chegara bilmas shifokorlar” (Médecins Sans Frontières / MSF) xalqaro tashkiloti xabar berdi.
“Kongo Demokratik Respublikasi (KDR) sharqidagi Ituri provinsiyasida kuzatilayotgan Ebola bezgagining navbatdagi avj olishi misli ko‘rilmagan sur’atlar bilan tarqalmoqda,” deydi tashkilotning amaliyotlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Alan Gonsales.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ebola epidemiyasi rasman e’lon qilinganidan keyin bu qadar qisqa vaqt ichida bunchalik ko‘p yuqish holatlari ilgari hech qachon kuzatilmagan. Epidemiya boshlangani e’lon qilinganidan ikki hafta o‘tib ham vaziyat jiddiy xavotir uyg‘otishda davom etmoqda, ko‘rilayotgan choralar esa kasallikning tarqalish tezligidan ortda qolmoqda.
“Har kuni kasallikka chalinganlikda gumon qilinayotgan yangi holatlar haqida xabarlar kelmoqda, biroq yuzlab tahlil namunalari tekshirilmasdan qolmoqda. Shu bilan birga, chegaralar va aeroportlarning yopilishi kabi jiddiy cheklovlar hayotiy muhim tibbiy vositalar, gumanitar yordam va soha mutaxassislarini yetkazib berishni kechiktirmoqda. Tajribamizdan bilamizki, bunday muammolar kasallik avj olishiga qarshi kurashishni qiyinlashtiradi va xalqaro ko‘makka muhtoj bo‘lgan davlatlarni ajratib (izolyatsiya qilib) qo‘yadi”, deydi Alan Gonsales.
“Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti testdan o‘tkazish imkoniyatlarini zudlik bilan kengaytirishga, xalqaro tibbiy va gumanitar yordamni kuchaytirishga hamda epidemiya tarqalgan hududlarga to‘siqlarsiz kirishni ta’minlashga chaqirmoqda.
Kongo rasmiylari Ebola bezgagi avj olganini 15 may kuni e’lon qilgan edi. Kasallikni ilk bor 2007 yilda Ugandada aniqlangan Ebola-Bundibujio virusi keltirib chiqargan. Bu safargi epidemiya o‘chog‘i mamlakat sharqidagi Ituri provinsiyasi bo‘lib, kasallik Shimoliy va Janubiy Kivu provinsiyalariga ham tarqalgan.
Hozirgi vaqtga kelib Kongoda 1 mingdan ortiq gumonlanuvchi kasallanish holati va 240 ga yaqin o‘lim holati qayd etilgan.
22 may kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Ebola bezgagi xavfi darajasini milliy miqyosda “juda yuqori”, mintaqaviy darajada esa “yuqori” qilib ko‘tardi. Global miqyosda esa, tashkilot baholashicha, xavf hozircha “past” darajada qolmoqda.
Ebolaning tarixdagi eng halokatli avj olishi 2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan. O‘shanda 11 300 dan ortiq inson vafot etgan, kasallanganlar soni esa 28 600 dan oshib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus Kongo Demokratik Respublikasiga tashrif buyurib, mamlakatdagi Ebola virusi tarqalishini to‘xtatish mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi