Ebola nazoratdan chiqib ketdi: qurbonlar 4 mingga yaqinlashdi
Olam
−
19:17 748 2 daqiqa
Kongoda Ebola virusini yuqtirganlar soni 8 mingdan oshdi. Kasallik oqibatida 3901 kishi vafot etdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, epidemiya tarqalishini to‘xtatish esa tibbiyot xodimlari yetishmayotgani, xavfsizlik bilan bog‘liq muammolar va aholining ko‘chishi sababli qiyinlashmoqda.
Kongo Demokratik Respublikasi hukumati joriy yilning 15 may kuni kam uchraydigan Bundibugio virusi sabab Ebola epidemiyasi boshlanganini e’lon qilgan. Hozircha ushbu virusga qarshi ma’lum davolash usuli yoki vaksina mavjud emas.
Kongo Sog‘liqni saqlash vazirligining joriy yilning 26 sentyabridagi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning 26 provinsiyasidan 7 tasidagi 63 ta hududda Ebola bilan kasallanishning 8067 ta holati tasdiqlangan. Kasallik oqibatida 3901 kishi vafot etgan. Shu tariqa, o‘lim darajasi 48 foizdan oshgan.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) kasallikdan vafot etayotganlar ulushi yuqoriligicha qolayotganini qayd etgan. Tashkilot, ayniqsa, bemorlarning tibbiy yordamga yetib bormasdan turib vafot etayotgani kasallikni o‘z vaqtida aniqlash va bemorlarga zarur yordam ko‘rsatishda jiddiy muammolar borligini ko‘rsatishini bildirgan.
Avvalroq, JSST Kongoda epidemiyani jilovlash uchun tibbiyot xodimlari yetishmayotganidan ogohlantirgan. Tibbiyot xodimlari maoshlarining kechiktirilishi yoki to‘lanmayotganidan norozi bo‘lib, bir necha bor ish tashlagan. Afrika Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan beri 50 nafar tibbiyot xodimi vafot etgan.
Ayrim hududlarda vaziyat biroz yaxshilangan. Xususan, Ituri va Yuqori-Uele provinsiyalarida so‘nggi haftalarda yangi tasdiqlangan holatlar kamaygan. Biroq boshqa hududlarda Ebola tarqalishi davom etmoqda va kasallikning geografik qamrovi kengaymoqda.
Africa CDC ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi epidemiya tarqalish sur’ati bo‘yicha 2014–2016 yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan Ebola epidemiyasidan o‘zib ketgan. O‘sha epidemiyaning 19-haftasiga kelib 3781 ta holat qayd etilgan bo‘lsa, Kongodagi hozirgi epidemiyaning shu davrida 7840 ta holat aniqlangan.
JSST hozirgi epidemiya G‘arbiy Afrikadagi o‘sha epidemiyadan ham o‘zib ketishi mumkinligini bildirgan. 2014–2016 yillardagi epidemiya oqibatida 11 mingga yaqin odam vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi bilan tasdiqlangan kasallanish holatlari 7022 taga yetgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi