Ebola bilan kasallanganlar rasmiy raqamlardan 4 baravar ko‘p bo‘lishi mumkin – JSST
Olam
−
15 iyul 1261 2 daqiqa
Ebola epidemiyasi yashirin ko‘lamda tarqalayotgan bo‘lishi mumkin. JSST Kongo Demokratik Respublikasidagi haqiqiy kasallanish holatlari rasmiy ma’lumotlardan bir necha baravar ko‘p ekanini bildirdi. Bu haqda “DW” xabar berdi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar Kongo Demokratik Respublikasi va qo‘shni Ugandada Ebola virusini yuqtirish bilan bog‘liq qariyb 2 mingta holat qayd etilgan, 700 dan ortiq inson vafot etgan. Biroq JSST vakillari amaldagi raqamlar haqiqiy ko‘rsatkichlarning faqat bir qismi ekanini ta’kidladi.
JSSTning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha direktori Chikve Ixekveazu Jenevada o‘tkazilgan brifingda epidemiya ko‘lami rasmiy qayd etilgan holatlardan ikki-to‘rt baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab kasallanish holatlari aniqlanmay qolmoqda.
Ma’lum qilinishicha, epidemiya asosan Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy qismidagi Ituri, Shimoliy Kivu va Janubiy Kivu hududlarida tarqalmoqda. Ugandada esa Ebola bilan bog‘liq 20 ta holat tasdiqlangan.
Ixekveazu JSST epidemiyaga qarshi kurash uchun zarur mablag‘lar yetishmayotganini ham qayd etdi.
Tashkilot dastlabki olti oy uchun 115 million dollar mablag‘ talab qilgan, biroq hozircha ushbu summaning yarmidan kam qismi yig‘ilgan.
“Bu kabi epidemiya bilan kurashish uchun vaziyat ko‘lamiga mos mablag‘ va resurslar zarur. Bunday og‘ir vaziyat yukini faqat Kongo Demokratik Respublikasining o‘ziga tashlab qo‘yish mumkin emas”, deya ta’kidladi Ixekveazu.
Tashkilot ma’lum qilishicha, eng xavotirli holatlardan biri ko‘plab bemorlarning tibbiy yordamga murojaat qilmasdan, yashash joylarida vafot etayotganidir. Shu bilan birga, shifoxonaga o‘z vaqtida yetkazilgan bemorlarning omon qolish imkoniyati yuqoriroq ekani qayd etilgan.
JSST Ebola bilan bog‘liq noto‘g‘ri qarashlarga qarshi ham kurash olib bormoqda. Tibbiyot muassasalarida bemorlar izolyatsiya qilinadi, ularga suvsizlanishni kamaytirish uchun tomir orqali suyuqlik yuboriladi hamda nafas olish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Epidemiya sabab ayrim davlatlar xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Xususan, AQSH Kongo Demokratik Respublikasi, Uganda yoki Janubiy Sudanga borgan ayrim shaxslar uchun mamlakatga kirish va qaytish tartiblarini cheklagan.
JSST Ebola virusining tarqalishini nazorat ostiga olish uchun xalqaro hamjamiyat yordami zarurligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusi yangi hududlarga tarqalayotgani qayd etilib, qurbonlar soni 600 nafardan oshgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi