Ebola balosi: Kongoda qurbonlar soni tarixiy rekordni yangiladi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasida tarqalgan Ebola epidemiyasi mamlakat tarixidagi eng halokatli epidemiya sifatida qayd etildi. Kasallik oqibatida kamida 2 325 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda “The Guardian“ xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu ko‘rsatkich 2018-2020 yillarda KDRda kuzatilgan Ebola epidemiyasi qurbonlari sonidan ham oshib ketgan. Mamlakat Jamoat salomatligi instituti ma’lumotiga ko‘ra, tasdiqlangan kasallanish holatlari soni 4 945 nafarga yetgan. So‘nggi bir sutka ichida yana 101 ta yangi holat aniqlangan.

Hozirga qadar mamlakatning 26 viloyatidan oltitasida kasallik qayd etilgan. Holatlarning asosiy qismi shimoli-sharqdagi Ituri viloyatiga to‘g‘ri keladi. Epidemiya ilk bor aynan shu hududda aniqlangan bo‘lib, 3 400 dan ortiq holat qayd etilgan.

Mutaxassislar ushbu epidemiya Ebola virusi tarixidagi eng tez tarqalayotgan o‘choqlardan biri ekanini ta’kidlamoqda. Vaziyatni murakkablashtirayotgan omillardan biri esa kasallikning Bundibugio shtammi bilan bog‘liqligi hisoblanadi. Hozircha ushbu virus turiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas.

“Chegarasiz shifokorlar” tashkiloti mutaxassisi Tomas Parishning aytishicha, ko‘plab bemorlar kasallikning kech bosqichida aniqlanmoqda. Ayrim hollarda esa bemorlar faqat vafot etganidan keyin ro‘yxatga olinmoqda.

Ma’lumot uchun, Ebola virusi odamlarga yovvoyi hayvonlardan yuqib, keyinchalik kasallangan shaxslarning qoni va boshqa biologik suyuqliklari orqali tarqaladi. Kasallik isitma, holsizlik, mushak og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i, qusish va diareya kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusidan vafot etganlar soni 2 mingdan oshgani haqida xabar berilgan edi. O‘sha vaqtda mamlakatda qayd etilgan tasdiqlangan holatlar soni esa 4 mingdan ko‘paygandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing