Ebola balosi: Qurbonlar soni kasallanganlarning deyarli yarmiga tenglashdi

Olam

−

image

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola epidemiyasi kuchayib, kasallik bilan bog‘liq tasdiqlangan holatlar soni 9 mingdan oshdi. Virus oqibatida 4 381 kishi vafot etdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Kongo Sog‘liqni saqlash vazirligining kecha, 13 oktyabr kuni e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda Ebola bilan kasallanishning 9 066 ta holati tasdiqlangan. So‘nggi hisobotda yana 88 ta yangi holat qayd etilgan. O‘limlar soni esa tasdiqlangan kasallanish holatlarining deyarli yarmiga tenglashgan.

Tibbiyot xodimlari va rasmiylarni o‘limlar sonining ortishi xavotirga solmoqda. Chunki vafot etganlarning katta qismi shifoxona va davolash markazlaridan tashqarida qayd etilgan. Bu esa kasallanganlarni o‘z vaqtida aniqlash va davolash qiyinlashayotganini ko‘rsatadi.

Hozirda mamlakatning yetti viloyatidagi 65 ta tibbiy nazorat hududida Ebola holatlari aniqlangan. Rasmiylarning fikricha, tasdiqlangan holatlar kasallanganlarning atigi uchdan bir qismini tashkil qilishi mumkin. Sababi ko‘plab bemorlar aniqlanmay qolmoqda.

Ushbu epidemiya Bundibugio virusi sababli yuzaga kelgan. Virusning bu turiga qarshi hozircha tasdiqlangan vaksina yoki maxsus davolash usuli mavjud emas.

Ebola tarqalishini to‘xtatishga bir qancha omillar to‘sqinlik qilmoqda. Hukumat kuchlari va isyonchi guruhlar o‘rtasidagi janglar, aholining sanitariya va sog‘liqni saqlash qoidalariga rioya qilmasligi, odamlarning ko‘chishi hamda tibbiy vositalar va davolash markazlari yetishmasligi vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.

Ituri viloyatining markazi Bunia shahrida yashovchi Samuel Buju hukumatning epidemiyaga qarshi choralarini tanqid qilgan.

“Menimcha, hukumat yuzaga kelgan vaziyatni nazorat qilishga ulgurmayapti. Hukumat Ebola epidemiyasiga qarshi kurash samarali bo‘lishi uchun o‘z zimmasidagi mas’uliyatni to‘liq bajarishi kerak”, degan u.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi epidemiya Kongo Demokratik Respublikasida avval kuzatilgan 16 ta Ebola epidemiyasining barchasidan ko‘lami jihatidan oshib ketgan. Vaziyat shu tarzda davom etsa, u 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan, 11 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan epidemiyadan ham oshib ketishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida hukmron partiyaning yuqori lavozimli vakili Ebola epidemiyasi haqida radio orqali chiqish qilganidan keyin kaltaklab, o‘ldirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing