E’tirozlarga sabab bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi muhokamadan olindi
Jamiyat
−
29 mart 2019
7900Ko‘pchilikning haqli e’tirozlariga sababchi bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan olib tashlandi
Ma’lumki, yaqinda O‘zbekiston Respublikasidan eksport qilinadigan meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlarining kontrakt qiymatini monitoring qilish tartibi to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi. Unda eksport narxlari shakllantirilishi ustidan nazorat o‘rnatish, jumladan, meva-sabzavotlarning 38 ta pozitsiyasi va to‘qimachilik mahsulotlarining 147 ta pozitsiyasi bo‘yicha “tavsiya etiladigan” eksport narxlarni belgilash taklif qilingan edi. Ushbu narxlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi saytida meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha har o‘n kunlikda, to‘qimachilik mahsulotlari bo‘yicha har oyda e’lon qilinib borilishi ham nazarda tutilayotgan edi.
Mazkur hujjat loyihasi jamoatchilik, ayniqsa, dehqonlar, fermerlar, bog‘bonlar, tadbirkorlar va ekspertlar o‘rtasida turli e’tirozlarga, haqli savollarga sabab bo‘layotgan edi.
Kecha Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqovning ishbilarmonlar va ekspertlar bilan muloqotida ham ushbu qaror loyihasi tanqidiy tahlil etildi. Jumladan, hujjatda eksportchilar uchun biznes yuritish sharoiti, yakunda mamlakat ichkarisida ham narxlar shakllanishiga sezilarli ta’sir o‘tkazadigan jihatlar mavjudligi aytib o‘tildi.
Yakunda tadbirkorlar va ekspertlar tomonidan salbiy munosabat bildirilgan ushbu hujjat loyihasini jamoatchilik nazoratidan olib tashlash bo‘yicha qaror qabul qilindi.