E’tiborsizlik tufayli tanadagi xol onkologik kasalliklarga sabab bo‘ladi – shifokor
Salomatlik
−
19 aprel 2023
24467Inson tanasidagi xollar e’tiborsizlik tufayli turli xildagi teri kasalliklariga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda onkolog Tojiddin Mustafoyevga tayangan holda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, quyosh nurida toblanish natijasida ham xollarning xususiyati o‘zgarib, xavfli tus olishi ehtimoldan xoli emas. Xollarni uyda mustaqil davolashga harakat qilish oqibatida ba’zan pigment to‘qimasida paydo bo‘ladigan xavfli o‘sma — melanoma yuzaga kelishi mumkin. Unga har xil malhamlar surish, bilib-bilmay, turli usullarni qo‘llash teriga zarar berishi mumkin.
“Xol odamning bo‘yin yoki bosh kabi a’zolarida joylashgan bo‘lsa, uni jarohatlanishdan ehtiyotlash lozim. Chunki bo‘yinga har kuni kiyimlarning yoqasi tegib ishqalanadi. Boshda bo‘lsa, sochni taraganda taroq tegib, jarohatlashi mumkin”, deydi shifokor.
Shuningdek, xollar birdan paydo bo‘lsa, qisqa vaqt ichida ko‘paysa, yorilsa yoki usti dag‘allashsa, rangi to‘q bo‘lib o‘zgarsa, albatta, onkolog mutaxassisga borish lozim. Xol bezovta qila boshladimi, unga sira e’tiborsiz bo‘lmaslik kerak. Chunki u yallig‘lansa, yomon sifatli o‘smaga aylanishi tezlashadi.
Bundan tashqari, onkolog ko‘rigida bo‘lish va mutaxassisning aniq tashxisiga asoslanib, tavsiyalarni o‘z vaqtida bajarish zarur. Agar xol oddiy shamollash yoki yallig‘lanish tufayli paydo bo‘lsa, u holda bemor kerakli shifokor huzuriga yuboriladi.
Nurmuhammad Fayzullayev