“Yo ochlik, yo o‘lim”. Isroilning G‘azodagi harakatlari jinoyat sifatida baholanishi mumkin

Olam

image

Isroil armiyasining G‘azo sektoridagi tinch aholi, xususan yordam olish uchun to‘plangan falastinliklarga qarshi uyushtirgan hujumlari xalqaro huquq me’yorlariga zid bo‘lib, og‘ir urush jinoyatlari sifatida baholanishi mumkin. Bu haqda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk ma’lum qildi.

Tyurk o‘z bayonotida G‘azodagi insonparvarlik yordamini tarqatish punktlariga uyushtirilgan hujumlarni keskin qoralab, bu voqealar bo‘yicha zudlik bilan xolis va mustaqil tergov o‘tkazilishi, aybdorlar javobgarlikka tortilishi zarurligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir burda oziq-ovqat olish uchun hayotini xavf ostiga qo‘ygan falastinliklarga nisbatan bu qirg‘inli hujumlar – yuraksizlik namunasidir.

Komissarning qayd etishicha, G‘azo aholisi fojiali tanlov oldida qolmoqda – ochlikdan o‘lish yoki yordam olishga uringanida o‘ldirilish. U Isroilni insonparvarlik yordamining tarqatilishini ataylab to‘sayotganlikda ayblab, bu kabi xatti-harakatlar xalqaro huquq doirasida urush jinoyati sifatida tan olinishi mumkinligini aytgan.

“Yigirma oydan buyon tinch aholining o‘ldirilishi, ommaviy vayronagarchiliklar, majburiy ko‘chirishlar, Isroil rahbariyati tomonidan kamsituvchi ritorika, ommaviy evakuatsiya tahdidlari va aholini ochlikka mahkum etish urinishlari – bularning barchasi xalqaro huquqdagi eng og‘ir jinoyatlar toifasiga kiradi”, degan Tyurk.

U shuningdek, BMTning Xalqaro sudi 2024 yilda Isroildan G‘azodagi falastinliklarga oziq-ovqat, ichimlik suvi, elektr, yoqilg‘i, boshpana, kiyim-kechak, gigiyena vositalari va dori-darmon yetkazilishini ta’minlash uchun choralar ko‘rishni talab qilgan qarorini eslatgan. Tyurkning ta’kidlashicha, bu qarorga amal qilmaslikka hech qanday bahona yo‘q.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 27 mayidan beri Isroil armiyasi G‘azo sektoridagi yordam tarqatish punktlariga muntazam hujumlar uyushtirmoqda. Masalan, 1 iyun kuni yordam punktlariga ikki marotaba uyushtirilgan hujum oqibatida 32 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 232 kishi jarohat oldi.

Isroil armiyasi ham G‘azodagi yordam markazlaridan birida yordam kutayotgan falastinliklarga qarata o‘t ochilganini tan oldi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil G'azo yordam

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing