“Ehtimol, qonunni o‘qimay gapirgandir”. Japarov Lavrovning e’tiroziga munosabat bildirdi
Olam
−
24 iyul 2023
17791Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 17 iyul kuni barcha davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini imzolagani haqida xabar bergandik. Ushbu qonunning qabul qilinishi Rossiyaning “xavotiriga” sabab bo‘ldi va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘izistonda qabul qilingan davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilishi majburiyligi haqidagi qonunga nisbatan “demokratiyaga zid”, deya baho berdi. Vazir Markaziy Osiyo davlatlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi tendensiyasidan xavotir bildirib, bu borada Qirg‘iziston hukumati bir necha marotaba ogohlantirilganini aytdi. Sadir Japarov Lavrovning so‘zlariga izoh berib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri qonunni o‘qimasdan turib gapirgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. U bu haqda “Kabar” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Japarovning aytishicha, qonunni qabul qilishdan maqsad rus tilini kamsitish emas, aksincha, rus tili Qirg‘izistonda rasmiy til sifatida qo‘llanilishini anglatadi. Qonun, Lavrov aytganidek, o‘qituvchi va shifokorlarga nisbatan joriy qilinmaydi.
“Ko‘rinishidan, Sergey Lavrov qonunni batafsil o‘rganmagan. Bundan rus tilini kamsitish maqsad qilinmagan. Aksincha, rus tili rasmiy til sifatida qo‘llanilishi aytilgan. Ushbu qoida konstitutsiyada ham mavjud. Bundan keyin ham shunday davom etadi. Qonunning o‘qituvchi va shifokorlarga aloqasi yo‘q. Vaziyatni rus millatiga mansub rus tili o‘qituvchisi misolida ko‘rib chiqing. Qirg‘iz tilini bilmagani uchun uni hech kim ishdan bo‘shatmaydi. Biz uchun rus tili qirg‘iz tili kabi muhim rol o‘ynaydi, chunki biz MDH davlatlari bilan aloqalarni rus tili orqali quramiz. Shuningdek, Xitoy, arab va Yevropa davlatlari bilan rus tilida muzokaralar olib bormoqdamiz. Bu yerda asosiy urg‘u boshqa narsaga qaratilgan: biz tilimizni har tomonlama rivojlantirmoqchimiz. Davlat xizmatchilari, deputatlar, e’tibor berganimizdek, yarmi ruscha, yarmi qirg‘izcha so‘zlaydi. Hech kim toza ruscha yoki sof qirg‘izchada gapirmaydi. Har doim aralashtiriladi. Shuning uchun biz ikkala tilni ham kerakli darajada o‘zlashtirishimiz kerak. Ular bilan bir qatorda ingliz, fransuz, xitoy va boshqa tillar ham o‘rganishga arziydi, chunki ularni qanchalik ko‘p bilsangiz, shuncha yaxshi bo‘ladi”, deydi Qirg‘iziston rahbari.
Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston aholisining asosiy qismi – 74,04 foizi qirg‘izlardan iborat. Mamlakatdagi ikkinchi eng katta etnik birlik o‘zbeklar (14,81 foiz) bo‘lib, rus millatiga mansub aholi mamlakat umumiy aholisining 4,97 foizini tashkil qiladi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston konstitutsiyasining 10-moddasida qirg‘iz tili davlat tili ekani, shuningdek, rus tili ham rasmiy maqomga egaligi belgilab qo‘yilgan.
LiveBarchasi