Durov Telegram ma’lumotlarini Fransiya razvedkasiga berishni boshladi – OAV
Olam
−
12 Sentabr
14190Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiya huquq-tartibot idoralari bilan aloqa o‘rnatdi va ularga Telegram foydalanuvchilarining shaxsini aniqlash mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni uzatishni boshladi. Bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni Fransiyaning “Libération” gazetasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, yaqin vaqtgacha Durov xavfsizlik kuchlarining so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirgan, ammo hozir Telegram ular bilan “misli ko‘rilmagan hamkorlik” olib bormoqda va so‘rovlarga javob bermoqda.
"Eshik haqiqatan ham ochiladi", deya hamkorlik boshlanganini tasdiqladi Parij prokuraturasining kiberjinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Joanna Bru.
“Libération” xabariga ko‘ra, shu munosabat bilan Fransiyaning barcha xavfsizlik kuchlariga Telegram’dan ma’lumot olish imkoni bo‘lmagani uchun to‘xtatilgan tergovni davom ettirish tavsiya etilgan.
“Shunday qilib, messenjer rahbariyati Fransiya milliy politsiyasining Voyaga etmaganlar boshqarmasi (Ofmin) va jandarmeriyasining bir necha jinoiy tergov bo‘yicha so‘rovlariga allaqachon javob berib, gumondorlarni, jumladan, bolalarga qarshi jinoyatlarni aniqlashga yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etgan”, deya qayd etadi “Libération”.
39 yoshli Pavel Durov 24 avgust kuni Le Burje aeroportida shaxsiy samolyotidan tushgan vaqtida qo‘lga olingan edi. U messenjerdagi noqonuniy kontentni qasddan tartibga keltirmaganlikda ayblangan.
“Telegram asoschisi hibsga olinganidan hayratda qoldi, chunki messenjer Fransiya kontrrazvedkasi bilan aloqa kanaliga ega edi”, deb yozgan “Libération” avvalroq.
28 avgust kuni Durov Parijdagi hibsdan 5 million yevro garov evaziga ozod qilindi. Unga Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan va haftasiga ikki marta politsiyaga xabar berib turishi shart edi. Unga nisbatan bir nechta jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Ular orasida noqonuniy faoliyat olib boriladigan platformani boshqarish, rasmiylar tomonidan so‘ralganda ma’lumot berishdan bosh tortish, pul yuvishda ishtirok etish, bolalar jinsiy jinoyatlari, giyohvand moddalar savdosi va firibgarlik kiradi.
2021 yilda Pavel Durov fuqarolikni maxsus tartib orqali – "Fransiya ta’siriga hissa qo‘shadigan" "faxriy xorijlik" sifatida oldi. Emmanuel Makron 29 avgust kuni Serbiyaga tashrifi chog‘ida Durovga Parijga “har qanday taklif” bo‘lgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Shu bilan birga, u tadbirkorga Fransiya fuqaroligini berishni "mutlaqo maqbul" deb bilishini ta’kidladi.
"Telegram asoschisi tergovchilar bilan so‘roq paytida Prezident Makron hamda Fransiya ichki xavfsizlik bosh boshqarmasi vakillari himoyasidan foydalanishini aytdi", deb xabar berdi “Libération”.
LiveBarchasi