Durov Putinga kerakmi?
Tahlil
−
26 avgust
20437Sayyoramiz o‘tgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab axborot asriga asta-sekin qadam qo‘ya boshladi. Shu va internetning ommalashuvi kabi omillar asrimiz boshida ijtimoiy tarmoqlarning birin-ketin paydo bo‘lishiga yo‘l ochdi. Dastlab, minglab, keyinchalik millionlab, bugun esa milliardlab dunyo aholisi uchun virtual uyga aylangan bu instrument va uning tepasidagilar hukumatlar va siyosiy rahbarlarning e’tiboridan tushmay keladi. Bugungi qahramonimiz Telegram va VKontakte kabi gigant platformalarga asos solgan holda Sharqiy dunyo uchun aloqa maydoni tashkil qilgan Pavel Durov ham shular jumlasidandir. Ortda qolgan soatlar ichida uning Fransiyada qo‘lga olinishi dunyodagi mojarolar va urushlar mavzusini bir muddatga pardalab, millionlab, balki milliardlab insonlar e’tiborini aynan unga qadalishiga sabab bo‘ldi. Quyida esa Pavel Durov va unda mavjud kuch, uning Rossiya uchun ahamiyati hamda Kreml bilan uzoq yillik ziddiyatli munosabatlari haqida so‘z yuritiladi.
Shov-shuvli qo‘lga olinish
Telegram asoschisi va bosh direktori Pavel Durov 24 avgust kuni kechki payt Fransiyaning Le Burje aeroportida bir necha ayblovlar bilan hibsga olindi. Ayrim ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Pavel Durovning Fransiyada hibsga olinishi maxsus xizmatlarning “Parijdagi kechki ovqat” nomli tezkor operatsiyasi natijasi bo‘lishi mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad esa Rossiyaning axborot imkoniyatlarini zaiflashtirish va AQSHning targ‘ibot-mafkuraviy va razvedka apparati nazorati ostidagi ijtimoiy tarmoqlarning salohiyatini oshirish ekanligi qayd etilmoqda. Durov iyun oyida o‘zining Telegram kanalida Markaziy Osiyo mamlakatlariga tashrif buyurish niyatini bildirgandi. Undan keyin Ozarbayjon, Pokiston, Bangladesh, ehtimol Afg‘onistonga borishi ham rejalashtirilgandi. Ammo uning Sharq mamlakatlariga qilgan o‘ziga xos turnesining so‘ngi manzili Ozarbayjon va uning poytaxti Baku bo‘ldi. O‘sha yerda Durov Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan borgan Prezident Putin bilan uchrashishi haqida gap-so‘zlar tarqadi. Mish-mishlarga ko‘ra, Putin bu uchrashuvni rad etgan. Bakudagi tashrifdan so‘ng, Durovning shaxsiy samolyoti shartli ravishda Karachi yoki Dakkaning o‘rniga Parijga yo‘l olgan. Shu o‘rinda esa ayrim taxmin va mish-mishlar bolalamoqda. Ba’zi nashrlar Durov aslida rostdanham Pokistonga borishni rejalashtirgan, biroq uning uchuvchilari G‘arb maxsus xizmatlari tomonidan sotib olinganini davo qilmoqda. Bunga asos qilib esa tungi parvoz vaqtida parvozning qaysi yo‘nalishda amalga oshirilayotganini kuzatish imkonsiz ekanligi aytilmoqda. Chegaradan o‘tish masalasida esa, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi va Fransiya xizmatlari tegishli choralarni amalga oshirgan holda Durovni hibsga olgan. Ammo Pavel Durovning parvozi haqidagi bu taxminlar hali biron bir rasmiy doiralar tomonidan tasdiqlanganicha yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramay, yaqin ortda qolgan vaqt davomida Durov o‘zining kam sonli intervyularida AQSH Telegramni nazoratga olishga intilayotgani va Telegram hech qachon hech kimga qaram bo‘lmasligi to‘g‘risida so‘z ochgandi. Ayni damda Telegram asoschisiga terrorizm, giyohvandlik, jinoiy sherikchilik, firibgarlik, pul yuvish, soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, Telegram’da pedofiliyaga asoslangan kontentlarni sizdirilishi singari bir qator ayblovlar qo‘yilgan. Mutaxasislarga ko‘ra esa bu ayblovlar bilan Durov Fransiyada 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. U o‘z platformasida hech qanday chora ko‘rmay yoki huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilmasdan, son-sanoqsiz qonunbuzarliklar va jinoyatlarga yo‘l qo‘yganligi davo qilinmoqda. Bu o‘rinda esa Durov huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilmagani uning hibsga olinishida asosiy noxolis omil ekanligi ko‘pchilik tomonidan takidlanmoqda.
Hibsga olinish qonuniymi?
Aslida Durovning javobgarlikka tortilishi Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni tamoyillariga mos keladi. TASS axborot agentlikning xabariga ko‘ra, YeIning “Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi” qonunida ijtimoiy tarmoq yoki internet-platforma operatori unda joylashtirilgan har qanday kontent uchun javobgar hisoblanadi. Ammo bu javobgarlik shaxsiy yoki jinoiy emas balki faqatgina sof iqtisodiy tarzda yuklanishi lozimligi aytilmoqda. Bu holatda esa qamoq jazosi haqida hech qanday gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas va Durovning Telegram’i bu ishlar yuzasidan aybdor deb topilib, javobgarlikka tortilgan taqdirda u faqatgina jarima bilan jazolanishi lozim. Telegram rahbariyati esa platforma yoki uning egasi ushbu platformadagi huquqbuzarliklar uchun javobgar ekanligini da’vo qilish bema’nilik deb hisobladi. Platforma rahbariyati ushbu hodisaga rasmiy munosabat bildirar ekan, kompaniya Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga ham so‘zsiz amal qilishini ta’kidladi.
“Telegram Yevropa Ittifoqi qonunlariga, jumladan, Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunga amal qiladi – uning moderatsiyasi soha standartlariga javob beradi va doimiy ravishda takomillashtiriladi. Kompaniyamiz Bosh direktori Pavel Durov tez-tez Yevropa bo‘ylab sayohat qiladi va uning yashiradigan hech narsasi yo‘q. Platformadagi suiiste’molliklar uchun platforma yoki uning egasi javobgar, deb da’vo qilish bema’nilikdir”, deyilgan kompaniya bayonotida.
Tanishtiruvga xojat yo‘q Durov
Pavel Valerivich Durov 1984 yilda Rossiyaning Sank-Petrburg shahrida tug‘ildi. Rossiyada tug‘ilishiga qaramay, otasi Valeriy Durovning ishi sabab bolaligining ko‘p qismini Turinda o‘tkazgan. Qizig‘i shundaki, texno-magnat oliy ta’limni Peterburg davlat universitetining Filologiya fakultetida olgan. Durovning sarguzashtlari aynan universitet yillarida boshlangandi. 2006 yilda Facebook dunyo bo‘ylab ommalshishga ulgurgan va bu sohadagi mustahkam yetakchi aylangandi. Rossiya uchun Facebook kabi ijtimoiy tarmoq platformasi ishlab chiqish bo‘yicha suhbatlar va maqsadlar poydevori esa Peterburgda eski qadrdonlar Durov va uning sinfdoshi Vyacheslav Mirilashvili tomonidan qo‘yiladi. Ular bu ishga yana ikki novatorni ham jalb qiladi. Bular Mirilashivilining isroillik sinfdoshi Lev Binzumovich Leviyev va matematika va dasturlash bo‘yicha xalqaro tanlovlarning ko‘p karra g‘olibi Durovning katta akasi Nikolay edi. Nikolay Durov saytni ishlab chiqish va uni texnik jihatdan rivojlantirish uchun jalb qilinadi.
Loyiha 2006 yil sentyabr oyida tayyor holga keltiriladi va Durov uni sinov tariqasida ishga tushiradi. Yangi tarmoq 2007 yil 19 yanvarda Rossiyada xususiy mas’uliyati cheklangan jamiyat sifatida ro‘yhatga olindi. Bu siz-u biz yaxshigina biladigan VKontakte edi. Tarmoq foydalanuvchilari qisqa vaqt ichida juda katta tezlikda oshib bordi. Ularning bazasi 2007 yilning iyulida 1 millionga, 2008 yilning aprelida esa 10 millionga yetdi. Hatto 2008 yilning dekabrida VKontakte raqibi Odnoklassniki’ni ortda qoldirib, Rossiyadagi eng ommabop va bir necha milliard dollarlik qiymatdagi ijtimoiy tarmoq xizmatiga aylandi. Muvaffaqiyatli VKontakte’dan so‘ng Durov undanda mashhur va yirik loyihaga qo‘l urdi. 2013 yilda Telegram tarmog‘i ommaga taqdim qilindi. Durov tomonidan mahfiylik siyosati dunyoda tengsiz deya tariflanadigan Telegram bugun milliardga yaqin foydalanuvchilarni o‘z bag‘riga jamlagan. Ayni paytda Rossiyada tug‘ilgan 39 yoshli milliarderning umumiy kapitali taxminan 15 milliard dollarni tashkil qiladi. U bir vaqtning o‘zi Fransiya va BAA kabi davlatlarning fuqarosi hisoblanadi. Ammo Rossiyaning emas. Buni tarixi esa yana bir uzun hikoyaga borib taqaladi.
Putindan o‘ksigan Durov
Putin boshchiligidagi Kreml borgan sari avtokratiyaga og‘ishishi erkinlikni o‘ziga prioritet qilgan Pavelning Rossiyadagi faoliyatini yakunladi. Dastlab, hammasi 2011 yilgi Duma saylovlaridan so‘ng boshlangandi. O‘sha yili hukumat muxolifat siyosatchilarining sahifalarini o‘chirishni talab qilib VKontakte’ga bosim o‘tkazdi. Durov esa o‘z bilganidan qolmadi va uning o‘jarligi shu masala xususida hatto politsiya bilan kelishmovchilik bo‘lishigacha olib kelgandi. Bu hukumat va Durov o‘rtasidagi ilk to‘qnashuv edi. Keyingi yillar esa mazkur tushunmovchiliklar yanada kuchaydi va hukumat hamda Durov o‘rtasidagi munosabatlar orqaga ketdi. 2014 yilning 1 aprelida Durov to‘satdan direktorlar kengashiga iste’foga chiqish haqida ariza berdi. Bunga eng asosiy sabab esa Durovning Ukraina bilan mojaroda VKontakte’ni Rossiya qo‘lidagi qurol bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaganligi edi. 2014 yilning 16 aprelida Durov rossiyaparast prezident Viktor Yanukovichga qarshi ukrainalik namoyishchilarning shaxsiy ma’lumotlarini Rossiya Federal xavfsizlik agentligiga topshirishdan bosh tortadi. Bundan tashqari u Kremlning ashaddiy muxolifati va Putinning haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylangan Aleksey Navalniyning VKontakte’dagi sahifasini blokirovka qilishga ham rozi bo‘lmaydi. U bu noqonuniy topshiriqlarga mutlaqo zid tarzda harakat qilgandi. Shu yili 21 aprelda Durov VKontakte bosh direktori lavozimidan ozod etildi. U kompaniyani amalda Vladimir Putinning ittifoqchilari egallab olganini aytdi va uning ishdan bo‘shatilishi ham foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini federal huquqni muhofaza qilish organlariga berishdan bosh tortgani ortidan sodir bo‘ldi. Shundan so‘ng Durov Rossiyani tark etib, “orqaga qaytish niyati yo‘qligini” va “hozirda mamlakat internet-biznesiga to‘g‘ri kelmasligini” aytgan. Kreml Durovdek nodir topilmani shu tarzda o‘z qo‘li bilan yo‘q qilgandi. Durov Rossiyani tark etgandan so‘ng uni qaytarish uchun rasmiy Moskva biron bir jiddiy harakatlarni amalga oshirgani haqida hech qanday ma’lumot yo‘q. Ammo Rossiya hukumatida muxolifat ko‘rinishidagi LDPR partiyasi raisi, Kreml jarchisi maqomida uzoq yillar faoliyat olib borgan marhum Vladimir Jirinovskiy Durovni ortga qaytishga chaqirgan. U o‘z murojaatida Telegram asoschisini Facebook egasi Mark Sukerberkga taqqoslagan va uning har xil mamlakatlarda ko‘chib yurishini tanqid qilib, o‘z uyiga qaytishi lozimligini aytgan. Bu Durovni qaytarish uchun Rossiya rasmiylari tomonidan qilingan kam sonli tariqchalik ishlardan biri edi.
Kreml nega xavotirda?
Pavel Durov 2013 yilda Telegram’ni ishga tushirgan va 1 yil ichida platforma 35 million foydalanusvchiga ega bo‘lgandi. Uzoq yillar davomida Telegram’ning qamrovi faqatgina postsovet va bazi Osiyo davlatlari bilan cheklandi. Ammo 2020 yilga kelib tarmoqdagi foydalanuvchilar soni juda yuqori o‘sishni ko‘rsatdi. Bu o‘sha paytdagi bir qancha ijtimoiy tarmoq platformalaridagi xavfsizlik siyosatiga nisbatan keng ko‘lamdagi ishonchsizlik tasirida yuzaga kelganligi taxmin qilinadi. Bugun esa ushbu platformadan 800 milliondan ortiq userlar o‘zlarining kunlik maqsadlarida foydalanishadi. Uning qamrovi esa nafaqat Osiyo va Yevropaning ko‘plab davlatlari, balki okean ortiga yetib borganiga ancha bo‘ldi. Ayni sharoitda esa Telegram AQSH rasmiylarining e’tiboriga tushgan bo‘lishi ehtimoldan holi emasdi. Bir qancha ijtimoiy tarmoqlar asoschisi bo‘lishiga qaramay tarmoqda kamnamo bo‘lgan Durov, Taker Karelson bilan bo‘lgan intervyuda AQSH xavfsizlik tizimlari Telegram ustidan nazorat o‘rnatishga urinayotganini oshkor qilgandi. Yuqorida aytganimizdek, uning qo‘lga olinishi ortida shunday motiv ham bor bo‘lishini inkor qilib bo‘lmaydi. Nazorat ostida bo‘lish va boshqarilishga umuman moyil bo‘lmagan Durov, aynan manashunday bosimlar ostida Rossiyani tark etgandi. Pavel Durov Rossiyani tark etgach, Telegram shtab-kvartirasi sifatida Dubayni tanladi. U 2021 yilda Fransiya fuqaroligini olgan, shuningdek, unda Birlashgan Arab Amirliklarida ham fuqaroligi borligi haqida ma’lumotlar mavjud. Ammo eng qizig‘i, Telegram asoschisining qo‘lga olinishi ortidan Rossiyaning bu hodisaga ko‘rsatayotgan reaksiyasidir. Durov tunda Le Burje aeroportida hibsga olinishidan ko‘p o‘tmay, Rossiyaning Fransiyadagi elchixonasi mamlakat hukumatidan Pavel Durov ishi bo‘yicha tushuntirish berishni talab qildi. Shuningdek, uning huquqlarini himoya qilishni, konsullikka bu borada tegishli huquq berishni ham so‘ragan. Ammo ayni paytda Fransiya tomoni bu masalada o‘zaro hamkorlik qilmayapti. Ular ayni damda Durovning advokati bilan aloqada ekanliklari haqida ma’lum qildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova esa mamlakatning Parijdagi elchixonasi tomonidan Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga Durov bilan konsullik aloqasini talab qilib nota yuborilganini ma’lum qildi. Ammo u mazkur masaladagi eng katta muammo bu – Durovning Fransiya fuqarosi ekanligini ham eslatib o‘tdi. Rossiyani bundan 10 yil burun tark etib, bu yerga qaytib kelmasligini ochiq-oydin takidlagan va ayni damda boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan Pavel uchun nega rasmiy Moskva bu qadar jon kuydirmoqda? Bu savolga 2021 yildan – “Transport texnologiyalarini rivojlantirish markazi” avtonom notijorat tashkiloti bosh direktori, Ecolibri muhandislik-loyihalash markazi maslahat kengashi raisi Aleksey Rogozin ma’lum ma’noda javob berganday bo‘ldi. Uning takidlashicha Pavel Durovning hibsga olinishi Rossiya Qurolli kuchlarning aloqa bo‘yicha masul rahbari hibsga olinishi bilan bab-barobar. Rogozinga ko‘ra, Rossiyadagi ayni urush sharoitida barcha razvedka ma’lumotlari xususan, artilleriya nishonlari korrektirovkasi, videooqimlar va ko‘plab ma’lumotlar Telegram vositasida olinmoqda. Bundan tashqari Rossiyada davlat amaldori va barcha rasmiylarga Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy yozishmalarni o‘chirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani haqida xabarlar ham tarqaldi. Manbalarga ko‘ra, bunday buyruq qator huquq-tartibot idoralari xodimlari, shuningdek, Prezident ma’muriyati va Rossiya hukumati xodimlariga kelgan. Bundan tashqari, bunday ko‘rsatma Rossiya Mudofaa vazirligining yuqori martabali qo‘mondonlari, shuningdek, ayrim yirik tadbirkorlarga ham berilgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, Telegram biz o‘ylaganchalik mustahkam xavfsizlikka ega bo‘lmasligi mumkin, ammo unga butun Rossiya xavfsizlik tizimi va mudofaasi shunchalik bog‘langan ekan, demak Durov va uning eng kuchli quroli bo‘lgan Telegram’ga Kremlda yaxshigina ehtiyoj bor. Buni uning hibsga olinishi Rossiya mulozimlarini anchagina “tipirchilatganidan” osongina anglash mumkin.