Dunyoning eng yaxshi 100 ta shahri e’lon qilindi

Bu qiziq

image

2024 yil uchun dunyoning eng yaxshi 100 ta shahri e’lon qilindi. Bu haqda “Euromonitor International” kompaniyasi tomonidan tuzilgan “Top 100 City Destinations” indeksida keltirilgan.

Mazkur indeks dunyo bo‘ylab yetakchi shaharlarni sayyohlik, barqarorlik, iqtisodiy samaradorlik hamda salomatlik va xavfsizlik kabi mezonlar bo‘yicha baholaydi.

Unga ko‘ra, Fransiya poytaxti Parij shahri reytingda ketma-ket to‘rtinchi yil birinchi o‘rinni egallagan.

“Joriy yilda 70 milliondan ortiq odam “muhabbat shahri”ga sayohat qildi va bunda shaharning ajoyib turizm siyosati hamda infratuzilmasi yordam berdi”, deyiladi hisobotda.

Reytingning eng yuqori o‘rinlarini Yevropa qit’asi shaharlari egallagan. Xususan, joriy yilgi reytingda ushbu mintaqaning oltita shahri kuchli o‘nlikka kirgan. Ispaniya poytaxti Madrid 2-o‘rinni, Italiyaning Rim va Milan shaharlari mos ravishda 4 va 5-o‘rinlarni, Niderlandiya poytaxti Amsterdam 7-o‘rinni, Ispaniyaning Barselona shahri esa 10-o‘rinni egallagan. O‘tgan yili 10-o‘rinda qayd etilgan London bu safar 13-o‘rindan, Seul 12-o‘rindan va Dubay 14-o‘rindan joy olgan. London sayyohlik infratuzilmasi bo‘yicha Parijdan keyin ikkinchi o‘rinda bo‘lsa-da, u turizm siyosati, salomatlik va xavfsizlik yoki barqarorlik mezonlari bo‘yicha kuchli o‘nlikka kira olmagan.

Osiyo-Tinch okeani mintaqasi ham yaxshi natijalarga erishgan. Xususan, Yaponiya poytaxti Tokio 3-o‘rinni, Avstraliyaning Sidney shahri 8-o‘rinni, Singapur esa 9-o‘rinni egallagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Tokioda xalqaro tashriflar soni 2024 yilda 13 milliondan oshgan va pandemiyagacha bo‘lgan darajadan yuqori bo‘lgan.

Nyu-York kuchli o‘nlikdagi yagona Amerika shahri bo‘lib, 6-o‘rinni egallagan. Los-Anjeles esa 18-o‘rinda qayd etilgan. Nyu-York xalqaro va mahalliy talab yuqori bo‘lgani sababli sayyohlik samaradorligi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.

Ro‘yxatda Tayland poytaxti Bangkok shahri sayyohlik siyosati va jozibadorligi bo‘yicha yetakchi bo‘lib, xalqaro tashriflar soni bo‘yicha ham birinchi o‘rinda turibdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda Bangkokka 32,4 million xalqaro tashrif amalga oshirilgan, bu o‘tgan yilgi yetakchi Istanbulga qilingan 23 million tashrifdan qariyb 10 millionga ko‘p.

London xalqaro tashriflar bo‘yicha 3-o‘rinda bo‘lib, 21,7 million tashrif va 7 foiz o‘sishga erishgan. Gonkong 4-o‘rinda (20,5 million tashrif va 19 foiz o‘sish), Saudiya Arabistonining muqaddas shahri Makka esa 5-o‘rinda (19,3 million tashrif va 20 foiz o‘sish).

“Euromonitor International” 2024 yil uchun bir nechta tendensiyalarni qayd etgan. Xususan, ko‘plab yo‘nalishlar vizani soddalashtirib, elektron sayohat ruxsatnomalarini joriy qilgan va qisqa muddatli vizasiz kirishni kengaytirgan. Boshqa tomondan, turizm global “boshog‘riqqa” aylangan. Eng gavjum sayyohlik joylarida odamlar tashrifini boshqarish uchun shaharlar turizm soliqlari va tashrif soatlarini cheklash kabi choralarni ko‘rmoqda. Shuningdek, qisqa muddatli ijaraga qattiq cheklovlar kiritilmoqda.

2024 yil uchun eng yaxshi 10 sayyohlik shahri:

  1. Parij
  2. Madrid
  3. Tokio
  4. Rim
  5. Milan
  6. Nyu-York
  7. Amsterdam
  8. Sidney
  9. Singapur
  10. Barselona

2024 yilda xalqaro tashriflar bo‘yicha eng yaxshi 10 shahar:

  1. Bangkok (32,4 million xalqaro tashrif)
  2. Istanbul (23 million)
  3. London (21,7 million)
  4. Gonkong (20,5 million)
  5. Makka (19,3 million)
  6. Antaliya (19,3 million)
  7. Dubay (18,2 million)
  8. Makao (18 million)
  9. Parij (17,4 million)
  10. Kuala-Lampur (16,5 million).


Maqola muallifi

Teglar

Parij Madrid Rim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing