Dunyoning eng keksa prezidenti 73 kundan so‘ng ko‘rinish berdi
Olam
−
13:07 1769 2 daqiqa
Kamerunning 93 yoshli prezidenti Pol Biya mamlakatda ikki oydan ortiq vaqt bo‘lmaganidan so‘ng o‘z yurtiga qaytdi. Uning uzoq muddat xorijda qolishi prezidentning salomatligi va mamlakatda hokimiyat bo‘shlig‘i yuzaga kelishi ehtimoli haqida xavotirlarga sabab bo‘lgan. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Pol Biya 21 avgust kuni Jenevadan Kamerun poytaxti Yaunde shahriga uchib kelgan. U mamlakatdan 7 iyun kuni Yevropa bo‘ylab qisqa xususiy safarga chiqqan edi. Biroq uning xorijda qolishi 10 haftadan ortiq davom etib, prezidentlik davridagi eng uzoq muddatli yo‘qolishiga aylangan.
Dunyodagi eng keksa amaldagi prezident hisoblangan Pol Biya Kamerunni 1982 yildan beri boshqarib keladi. U 2025 yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tgan va natijalari bahsli bo‘lgan saylovda g‘alaba qozonib, noyabr oyida sakkizinchi prezidentlik muddatiga kirishgan.
Prezidentning salomatligi uzoq yillardan beri jamoatchilik e’tiborida bo‘lib keladi. Biya ko‘p vaqtni Yevropa davlatlarida, xususan Fransiya va Shveysariyada o‘tkazadi. U xorijda bo‘lgan paytlarda mamlakat boshqaruvining katta qismi partiyasidagi yuqori lavozimdagi amaldorlar hamda oila a’zolari zimmasiga tushadi.
Kamerun Konstitutsiyasi prezidentning mamlakatdan bir necha oyga chiqib ketishini taqiqlamaydi. Shu bilan birga, mamlakatda vitse-prezident lavozimi mavjud emas. Muxolifat esa Biya uzoq vaqt yo‘qligi sababli davlat “avtopilotda” boshqarilayotganini ta’kidlab kelgan.
Biyaning yaqin hamkorlari uni kutib olish uchun aeroportga kelgan. Biroq prezidentning samolyotdan tushayotgani ko‘rsatilmagan va u hech qanday matbuot anjumani o‘tkazmagan. Biya faqat avtomobil ichida turib, uni kutib olgan tarafdorlariga qo‘l silkigan.
Pol Biyaning qariyb yarim asrlik hokimiyati davrida mamlakat jiddiy muammolarga duch keldi. Shimolda “Boko Haram” guruhi faoliyati, g‘arbda separatistik harakatlar va iqtisodiyotdagi turg‘unlik aholining, ayniqsa yoshlarning prezidentga nisbatan ishonchini pasaytirgan.
Biyaning 2025 yildagi qayta saylanishi ortidan mamlakatda keng ko‘lamli namoyishlar boshlangan. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu namoyishlarda kamida 16 kishi halok bo‘lgan. Bu holat Kamerundagi asosan yosh aholi va qarib borayotgan davlat rahbari o‘rtasidagi ziddiyatlar kuchayganini ko‘rsatgan.
2008 yilda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar prezidentlik muddatiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilgan. Natijada Biya hozir Kamerun fuqarolarining aksariyati tug‘ilganidan beri mamlakatni boshqarib kelayotgan rahbarga aylangan. Mamlakat aholisining qariyb 30 million nafari orasida 70 foizdan ziyodi 35 yoshdan kichik.
Shu yil aprel oyida Kamerun parlamenti vitse-prezident lavozimini qayta tikladi. Muxolifat bu qarorni hokimiyatni yanada markazlashtirishga qaratilgan harakat deb baholadi. Chunki vitse-prezidentni tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolati Biyaning o‘zida qoladi, shuningdek, ushbu lavozim egasiga qaysi vakolatlar berilishini ham prezident belgilaydi.
Zafar Tolliboyev
Live
Barchasi