Dunyoning eng boy odamlari 1 yilda boyligini rekord darajada oshirdi
Bu qiziq
−
01 yanvar 3113 2 daqiqa
2025 yil yakunida dunyoning eng boy 500 nafar kishisining umumiy boyligi rekord darajadagi 2,2 trillion dollarga oshgan. Bunga aksiyalar, kriptovalyutalar va qimmatbaho metallarni o‘z ichiga olgan barcha bozorlardagi jadal o‘sish sabab bo‘lgan va ularning jami kapitali 11,9 trillion dollarga yetgan. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha boylikning qariyb to‘rtdan bir qismi atigi sakkiz nafar shaxs hissasiga to‘g‘ri keladi. Ular orasida AQSHning Oracle (ORCL) kompaniyasi hammuassisi va eng yirik aksiyadori Larri Ellison, Tesla rahbari Ilon Mask, Google hammuassisi Larri Peyj hamda Amazon asoschisi Jeff Bezos bor. Biroq bu sakkizlikning hissasi o‘tgan yilga nisbatan kamroq bo‘lgan – 2024 yilda aynan shu sakkiz milliarder umumiy daromadning 43 foizini olgan.
“Bloomberg” yil yakunlariga ko‘ra eng muvaffaqiyatli milliarderlar sifatida Ellisonni (boyligi 249,8 mlrd dollar, yillik daromadi 57,7 mlrd dollar), Maskni (622,7 mlrd dollar va 190,3 mlrd dollar), avstraliyalik tadbirkor ayol Jina Raynxartni (37,7 mlrd dollar va 12,6 mlrd dollar), shuningdek AQSH Prezidenti Donald Tramp va uning oilasini (6,8 mlrd dollar va 282 mln dollar) tilga oladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt (SI) atrofidagi umumiy eyforiya fonida yirik texnologik kompaniyalar daromadlari va aksiyalarining qiymati ham keskin oshgan. Kapital o‘sishining eng katta ulushi AQSH va Kanada hissasiga to‘g‘ri kelgan – 1,1 trillion dollar, Osiyo va Okeaniya mintaqasida 550,7 mlrd dollar, Yevropada esa 386,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerikalik pop-qo‘shiqchi Beyonse Noulz-Karter boyligi 1 milliard dollardan oshgan beshinchi musiqachiga aylangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi