Dunyoning eng baxtli mamlakati yoshlar giyohvandligi bo‘yicha ham yetakchi bo‘ldi
Bu qiziq
−
22 mart 2023
13735Avval xabar berganimizdek, BMT ekspertlari Finlyandiyani rivojlangan sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi, jinoyatchilik darajasining pastligi hamda biologik xilma-xilligi tufayli olti yildan beri “dunyodagi eng baxtli davlat” deb hisoblab kelmoqda. Biroq mamlakatning ibratli suratlari ortida tobora kuchayib borayotgan bir muammo – yoshlarning giyohvandligi yashiringan. Bu haqda “Euronews” telekanali lahvasida so‘z bordi.
Qayd etilishicha, Finlyandiya yosh giyohvandlar orasidagi o‘lim darajasi bo‘yicha Yevropada yetakchi hisoblanadi. 2000 yillardan beri bu yerda giyohvand moddalar bilan bog‘liq o‘limlar soni uch baravar ko‘paygan. 2022 yilda mamlakatda giyohvand moddalar bilan bog‘liq o‘limlarning deyarli uchdan bir qismini 25 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Finlyandiyada giyohvandlar o‘rtacha hisobda boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga qaraganda o‘n yil oldin vafot etadi. Bunga esa dozaning ortib ketishi sabab bo‘ladi. Dozani oshirib yuborish esa organizmda xavfli aralashmalar, masalan, buprenorfin, benzodiazepinlar va spirtli ichimliklar mavjudligi ortidan sodir bo‘ladi.
“Men birinchi marta 12 yoshimda marixuana chekishni boshladim va 16 yoshimda allaqachon afyun choyini tayyorlagan edim, keyin ekstaz, amfetamin va boshqalarning navbati keldi. 20 yoshga to‘lganimda o‘lim to‘lqini boshlandi. Yigitlar daraxtning olmalaridek qabrlarga tushdi”, deydi 25 yoshli finlyandiyalik Niko ismli yigit.
Manbaga ko‘ra, Finlyandiyada og‘ir narkomanlarning atigi 20 foizi davolanadi, qo‘shni Shvetsiyada esa 70 foizi.
Eslatib o‘tamiz, duyoning eng baxtli mamlakatlari reytingida Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston 44-o‘rin, O‘zbekiston 54-o‘rin, Qirg‘iziston 62-o‘rin, Tojikiston 80-o‘rinni egallagan.
LiveBarchasi